AOKAdan ogohlantirish: endi qonunlarni buzgan OAV jazolanadi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ommaviy axborot vositalarida yo‘l qo‘yilayotgan qonunbuzarlik holatlari yuzasidan rasmiy axborot berdi. Shuningdek, agentlik OAVni o‘z faoliyatida tegishli talablarga qat’iy rioya etmasligi endilikda ularga nisbatan qonunchilikda belgilangan jazo choralari qo‘llanishiga sabab bo‘lishi haqida ogohlantirdi.

“O‘zbekiston keyingi yillarda ochiqlik va oshkoralik siyosati yo‘lidan dadillik bilan boryapti. Bugun davlat organlari, barcha darajadagi tashkilotlar faoliyatida shaffoflik eng muhim mezon sifatida baholanmoqda. O‘z navbatida, axborot sohasida davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun mas’ul organ sifatida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ham zimmasidagi vazifalarni bajarib kelmoqda.

Albatta, har qanday jamiyatda ochiqlik va so‘z erkinligini ta’minlash jarayonida muammolar bo‘lishi tabiiy. Jahon amaliyotida biror bir axborot vositasi qonunbuzarlik sodir etsa, uning faoliyatini sudga oshirish, turli jarimalar va hattoki faoliyatini to‘xtatib turishgacha bo‘lgan choralar qo‘llanishi kuzatiladi. Bugungi sharoitda AOKA endigina oyoqqa turayotgan mustaqil OAVni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida ular yo‘l qo‘ygan qonunbuzarlik holatlari yuzasidan rasmiy ogohlantirish bilan cheklanmoqda va o‘z vakolatidagi boshqa choralarni hozircha qo‘llamay kelmoqda”, deyiladi agentlik bayonotida.

AOKA rasmiy maqomga ega 1 ming 777 ta axborot sub’ektiga nisbatan qonun barchaga barobarligi tamoyili asosida yondashayotganini OAVda qonunga zid holatlarni bartaraf etishga doir ogohlantirishlar kesimida ham yaqqol ko‘rish mumkinligi ta’kidlangan. Jumladan, 2019 yilda jami 150 ta – shundan tele-radio kanallarga 75 ta, davriy bosma nashrlarga 65 ta, internet saytlarga 10 ta taqdimnoma va ogohlantirish yuborilgan.

2020 yilning o‘tgan 9 oyida jami 90 ta – shundan televideniye va radioga 39 ta, davriy bosma nashrlarga 29 ta, Internet nashrlariga 22 ta taqdimnoma kiritilgan.

“Pandemiya sharoitida biznes-sub’ektlarini tekshirib jazoga tortish bo‘yicha joriy etilgan moratoriyni, shu jumladan axborot olishda va uni tekshirishda yuzaga kelgan ayrim qiyinchiliklarni inobatga olgan holda, Agentlik ayrim OAVda turli feyk va tekshirilmagan yoki qonunga xilof ma’lumotlar e’lon qilingani holda, ularga asosan og‘zaki ogohlantirish berish bilan cheklandi. Alohida ta’kidlash lozimki, shu kungacha ogohlantirish xatlari yuborilishi natijasida birorta axborot sub’ekti ma’muriy, moliyaviy yoki jinoiy jazoga tortilmagan. Biroq ushbu vaqtinchalik yondashuv qonunbuzarlarga umuman chora ko‘rilmasligini anglatmaydi. AOKA axborot sub’ektlarining bundan xulosa chiqarmasligi va o‘z faoliyatida tegishli talablarga qat’iy rioya etmasligi endilikda ularga nisbatan qonunchilikda belgilangan jazo choralari qo‘llanishiga sabab bo‘lishi haqida ogohlantiradi”, deyiladi bayonotda.

Qo‘shimcha qilinishicha, AOKA ommaviy axborot vositalarini qonunbuzarlik oqibatlaridan ogohlantirish bilan bir qatorda, huquqlari buzilgan jurnalistlarni himoya qilish masalasiga ham o‘z vakolati doirasida jiddiy e’tibor qaratyapti.

Xususan, shu yilning o‘zida o‘n nafarga yaqin jurnalist va blogerga nisbatan qarshilik ko‘rsatish, axborot tarqatganlik uchun asossiz so‘roqqa tutish kabi holatlar yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Oliy sud va Farg‘ona viloyati hokimligiga jurnalistik faoliyatga to‘sqinlik qilishni zudlik bilan to‘xtatish, aybdorlarni belgilangan tartibda jazolash, bunday holatlar takrorlanishiga boshqa yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida yozma talabnoma va murojaatlar yuborilgan.


Maqola muallifi

Teglar

OAV AOKA

Baholaganlar

71

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing