AOKA so‘z va matbuot erkinligiga mos ravishda qayta tashkil etiladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi faoliyatini xalqaro tashkilotlarning so‘z va matbuot erkinligi sohasidagi tavsiyalari asosida qayta tashkil etiladi. Bu haqda Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasida so‘z boradi.

Qayd etilishicha, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi mavjud shtat birliklari hamda mehnatga haq to‘lash shartlari va miqdorini saqlagan holda, tashkilotni boshqa davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil hamda Oliy Majlis palatalari oldida hisobdor shaklda qayta tashkil qilinadi. 

Strategiyaga ko‘ra, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tarkibiga o‘tkaziladi. 

Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligi hamda matbuot kotiblari faoliyati samaradorligi reytingini tuzish orqali sohada yuqori natijalarga erishgan tashkilotlar matbuot kotiblarini rag‘batlantirish tizimi joriy qilinadi. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 2 fevraldagi “Axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga binoan O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi negizida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashkil etilgan edi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yilning 29 dekabr kuni Oliy Majlis palatalariga yo‘llagan Murojaatnomasida AOKA faoliyatini qayta tanqidiy ko‘rib chiqish kerakligini aytib, shunday degandi: 

“Mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarishning dastlabki davrida ommaviy axborot vositalarini keng qo‘llab-quvvatlash, ularni himoya qilish, davlat idoralarida axborot xizmatlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish maqsadida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashkil etilgan edi. Bugungi kunda ommaviy axborot vositalari sohasidagi islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarish, ularni yanada rivojlantirish, mustaqil faoliyat yuritishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida Agentlik faoliyatini tanqidiy qayta ko‘rib chiqish lozim, deb hisoblayman”.

Ma’lumot  uchun, AOKA tarixida ilk direktor Prezidentning sobiq Matbuot kotibi Komil Allamjonov bo‘lgan edi. Keyinroq Prezidentning qizi Saida Mirziyoyev AOKA direktori o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Allamjonov va Mirziyoyev AOKAda egallab turgan lavozimlarini bir kunda turk etib, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondiga asos soldilar. 

2020 yilning iyulidan boshlab AOKAni Asadjon Xodjayev boshqarib kelyapti. 
 


Maqola muallifi

Teglar

AOKA

Baholaganlar

24

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing