Anjelina Joli BMTdagi faoliyatiga nuqta qo‘ydi

Madaniyat-san’at

image

Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) qochqinlar bo‘yicha maxsus vakili Anjelina Joli tashkilotdagi 21 yillik faoliyatidan so‘ng ishdan ketdi. Bu haqda tashkilotning rasmiy saytida xabar berildi.

Tashkilot bayonotida aktrisaning ishdan ketish sababi sifatida keng ko‘lamdagi gumanitar yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanmoqchi ekani ko‘rsatilgan. 

Qayd etilishicha, Anjelina Joli tashkilotdagi 21 yillik faoliyati davomida 60 dan ortiq missiyalarni amalga oshirgan. Jumladan u BMTning Qochqinlar bo‘yicha oliy komissarligi bilan Yaman va Burkina-Fasoga borib, favqulodda vaziyatlarni boshdan kechirgan odamlar bilan uchrashgan. Ushbu muhim rolda u o‘z chaqiriqlari bilan qochqinlar haqida xabardorlikni oshirish va qo‘llab-quvvatlashda foydalangan. 

BMTning qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari Filippo Grandi vaziyatga izoh berar ekan, Gollivud yulduzi bilan do‘stona munosabatlarni saqlab qolish umidini yashirmagan.

“Anjelina Joli uzoq vaqtdan buyon BMTning qochqinlar bo‘yicha oliy komissarligining muhim gumanitar hamkori bo‘lib kelgan. Biz uning uzoq yillik mehnati, sadoqati va qochqinga aylanishga majbur bo‘lgan odamlar uchun qilgan xizmatidan minnatdormiz. Men uning o‘z faoliyatini o‘zgartirish qarorini hurmat qilaman. Men qochqinlar masalasi hamisha uning qalbiga yaqin bo‘lishini bilaman. Ishonchim komilki, u o‘zining kengroq gumanitar faoliyatiga ham xuddi shunday ishtiyoq va e’tibor bilan yondashadi”, degan u.

Qolaversa bayonotda Anjelina Jolining so‘zlari ham aks o‘tgan.

“Men BMTning qochqinlar bo‘yicha oliy komissarligining butun dunyo bo‘ylab qochqinlarning hayotini saqlab qolish ishlari bilan shug‘ullanayotgan fidoyi hamkasblarim bilan ishlash hamda maxsus elchi sifatida xizmat qilish imkoniyati uchun minnatdorlik bildiraman. Men kelgusi yillarda qochqinlar va ko‘chirilgan odamlarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilishda davom etaman. BMT tizimida 20 yil ishlaganimdan so‘ng, boshqacha yondashuv, qochqinlar hamda mahalliy tashkilotlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish va ularning yechimlari uchun targ‘ibotini qo‘llab-quvvatlash vaqti keldi, deb hisoblayman”, degan aktrisa.

Shuningdek, Gollivud aktrisasi bugun, 17 dekabr kuni o‘zining Instagram sahifasi orqali BMTdagi faoliyatiga yakun yasayotgan bo‘lsa-da, butun umrini qochqinlar bilan ishlashga bag‘ishlashini aytgan.

Ma’lumot o‘rnida, Taniqli Gollivud aktrisasi 2001 yilda taqdim etilgan “Tomb Raider: Lara Kroft” filmining Kambodjada bo‘lib o‘tgan suratga olish jarayonlaridagi gumanitar falokatlardan ta’sirlangan. 2001 yil fevral oyida u BMTning Qochqinlar bo‘yicha komissiyasiga murojaat qilib, ma’lumot olish maqsadida o‘zining birinchi safarini Serra-Leone va Tanzaniyaga amalga oshirgan. U safar xarajatlarini o‘z hisobidan qoplash barobarida Pokistondagi afg‘on qochqinlari uchun bir million AQSH dollari miqdorida xayriya qilgan. Aktrisa 2001 yilning avgust oyidan BMTning qochqinlar bo‘yicha oliy komissarligi boshqarmasining ezgu niyat elchisi sifatida faoliyatini boshlagan. 10 yillik mehnat faoliyatidan so‘ng, 2012 yilda BMTning Qochqinlar bo‘yicha maxsus vakili lavozimiga tayinlangan.


Maqola muallifi

Teglar

BMT Anjelina Joli qochqinlar

Baholaganlar

96

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing