Antisemitizmda ayblangan Ilon Mask Isroilga boradi

Olam

image

Antisemitizmda ayblangan amerikalik tadbirkor Ilon Mask Isroilga boradi. Bu haqda Isroil Prezidenti idorasiga tayanib, “The Times of Israel” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, uchrashuv bugun, 27 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Prezident idorasi rasmiylariga ko‘ra, G‘azo sektorida garovga olinganlarning ayrim oila a’zolari ham uchrashuvda qatnashadi.

Prezident Isxak Gersogning o‘zi bu uchrashuvda internetda o‘sib borayotgan antisemitizmga qarshi kurashish zarurligini alohida aytib o‘tmoqchi.

Isroil televideniyesi Mask Bosh vazir Binyamin Netanyaxu bilan ham uchrashuv o‘tkazishi mumkinligini xabar qilmoqda. Biroq hozircha bu ma’lumotni rasmiy tasdiqlaganicha yo‘q.

Ma’lumot uchun, noyabr oyining o‘rtalarida Ilon Mask antisemitizmda, ya’ni yahudiylarga nisbatan nafratda ayblangan. Hammasi X ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchisining postidan boshlandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yahudiylar "oqlarga nisbatan nafrat uyg‘otmoqda". Ilon Mask foydalanuvchini qo‘llab-quvvatlab, uning aytgan so‘zlari haqiqat ekanini ta’kidlagan.

U, shuningdek, antisemitizm va yahudiylarga nisbatan murosasizlikning boshqa shakllariga qarshi turadigan Amerika inson huquqlari tashkiloti Anti-Defamation League haqida gapirib, u "oq tanlilarga qarshi irqchilikni targ‘ib qilishini" aytgan.

Ushbu bayonotlari uchun milliarder antisemitizmda ayblangan, biroq Maskning o‘zi uning tvitlari shunday xarakterga ega ekanligini rad etadi. Janjal avj olganidan so‘ng, ko‘plab yirik reklama beruvchilar X platformasida reklama qilishni to‘xtatishini e’lon qildi va Maskning bayonotlari Oq uy tomonidan ham qoralandi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur mojaro fonida Ilon Mask unga qarshi chiqqan barcha tashkilotlar ustidan sudga murojaat qilishini bildirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil Ilon Mask

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing