“Anorbank” rahbari Fransiyada o‘g‘irlab ketildi
Olam
−
03 iyul 2025 29269 2 daqiqa
Joriy yilning 23 iyun kuni O‘zbekistondagi “Anorbank” rahbari 48 yoshli Qahramonjon Olimov Fransiyada o‘g‘irlab ketildi. Bu haqda “Le Monde” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Olimov Parij shahrida o‘g‘irlab ketilgan va Nitssa shahri yaqinidagi villaning yerto‘lasida ushlab turilgan. Uning ozod qilinishi uchun esa tovon puli talab qilingan. Pulning ma’lum qismi amalga oshirilganidan so‘ng, u qo‘yib yuborilgan.
Nashrning yozishicha, o‘zbek bankiri ozod qilingach, darhol shifoxonaga murojaat qilgan. Tibbiy tekshiruvdan so‘ng tanasida ko‘plab ko‘karishlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Qayd etilishicha, Qahramonjon Olimov 23 iyun kuni Parijga biznes uchrashuvi uchun borgan. Shuningdek, tashrif davomida notariusdan real mulk sotib olish, Fransiyadagi o‘zbekistonliklar bilan uchrashish va Sofitel Arc-de-Triomphe mehmonxonasida to‘qqiz kecha qolishni rejalashtirgan.
Uchrashuvdan so‘ng Olimovni kimdir kuzata boshlagan. U Parij ko‘chalarida ushlangan va maxfiy ravishda Nitssa yaqinlaridagi villaning yerto‘lasida saqlanib, unga nisbatan haqoratlar, jismoniy zo‘ravonliklar qo‘llanilgan.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay gumondorlarning biri qo‘lga olingan, unga “guruh bilan shaxsni o‘g‘irlash” aybi qo‘yilgan. Qolganlarni esa izlash ishlari davom etmoqda.
QALAMPIR.UZ holat bo‘yicha izoh olish uchun bank bilan bog‘landi. “Anorbank” rasmiysi shunday hodisa ro‘y berganini tasdiqladi va Olimov ozodlikka chiqish uchun o‘z shaxsiy pullarini ishlatgani, hodisaning bankka omonot qo‘ygan mijozlarning puliga aloqasi yo‘qligi bildirdi.
Ma’lumot uchun, Qahramonjon Olimov O‘zbekistonning taniqli moliyachilaridan biri. U 1977 yilda tug‘ilgan, 1999 yilda Andijon muhandislik-iqtisodiyot institutini tamomlagan. Shuningdek, 2012 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Biznes maktabida tahsil olib, biznes boshqaruvi bo‘yicha magistr darajasini qo‘lga kiritgan.
U O‘zbekistonda xususiy bank sektorida faoliyat yurituvchi eng muhim shaxslar qatoriga kiradi. Hozirda “Anorbank” aksiyadorlik jamiyatining asosiy aksionerlaridan biri va Kuzatuv kengashi a’zosi hisoblanadi.
Live
Barchasi31 dekabr 2025
Farg‘ona davlat texnika universiteti rektori Qo‘ng‘irotboy Sharipovga yangi o‘rinbosar bo‘ldi.
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
29 dekabr 2025