Anomal sovuq takrorlansa, yana “gaz-svet” muammosi boshlanadimi? Vazir javob berdi (video)
Jamiyat
−
23 noyabr 2023
13124Kecha, 22 noyabr kuni O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Oliy Majlis Qonunchilik palatasining “Hukumat soati”da kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha hisobot berdi. Deputat Umida Rahmonova o‘tgan yilgi anomal sovuq muammolarni ko‘rsatib berganini aytib, O‘zbekiston energetika tizimi bu yilgi qishga qay darajada tayyor ekaniga qiziqdi.
Vazirning aytishicha, joriy kuz-qish davrida O‘zbekistonda elektr energiyasiga bo‘lgan talab 45 milliard kv/soatga yetishi kutilmoqda. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,5 milliard kv/soatga ko‘p degani.
“Ushbu talabni qondirish uchun jami 42,6 milliard kv/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Buning uchun IESlarga 8,5 milliard kubometr tabiiy gaz (kuniga 46,6 million kubometrdan), 2,9 million tonna ko‘mir (kunlik 15 ming tonna) yetkazib beriladi. Ko‘mirning 1,1 million tonnasi import hisobidan yetkaziladi. Shuningdek, kuniga 2500 tonna mazut yetkazish ko‘zda tutilgan. Qo‘shni davlatlardan 5,2 milliard kv/soat elektr energiyasi import qilinishi rejalashtirilgan”, degan Jo‘rabek Mirzamahmudov.
Vazirning aytishicha, o‘tgan yilgi anomal sovuq paytidagi gaz taqchilliklari hisob-kitob qilingan. Agar xuddi shunday ob–havo takrorlansa, qanday chora ko‘rilishi aniq belgilab olingan.
“Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yanvarning eng sovuq kunlarida kunlik 273-280 million kv/soat elektr iste’moli kutilmoqda. Shundan 253-255 million kv/soatini ishlab chiqarish hisobidan ta’minlaymiz. Qolgan 19,4 million kv/soati import qilinadi. Agar defitsit mavjud bo‘lsa, avvalo uni elektr energiyasi eksportini kuniga 6 million kv/soat qisqartirish hisobidan qoplanadi. Shu bilan birga, mazut yoqilg‘isi sarfini kuniga 10 ming tonnagacha oshirib, qo‘shimcha 10 million kv/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish hisobiga hamda elektrni iqtisod qilish orqali kuniga o‘rtacha 12 million kv/soat energiyasi tejaladi. Bunda 838 ta iste’molchilar yuklamasini tungi rejimga o‘tkazish hisobiga tig‘iz vaqtlarda 1450 megavatt quvvatni bo‘shatish imkoniyati paydo bo‘ladi”, degan vazir.
Shuningdek, u tabiiy gazga bo‘lgan talabni qondirish borasida bajarilgan ishlar to‘g‘risida ham gap ochgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, kuz-qish mavsumida respublikada tabiiy gazga bo‘lgan talab 28 milliard kubometrni tashkil etishi (2022-yilgidan 2,5 milliard kubometr ko‘p) kutilmoqda.
“Ushbu talabni qoplash uchun “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan 16,2 milliard kubometr, xorijiy va qo‘shma korxonalar tomonidan 10 milliard kubometr tabiiy gaz qazib chiqariladi. Xabaringiz bor, erishilgan kelishuvlarga asosan, qo‘shni davlatdan hamda shimoldan qo‘shimcha gaz import qilib, ichki bozorga yo‘naltiryapmiz. Qishga tayyorgarlik doirasida yer osti omborlarida 3,5 milliard kubometr tabiiy gaz zaxirasi yaratildi”, deya qo‘shimcha qilgan Mirzamahmudov.
Bildirilishicha, O‘zbekistonda o‘tgan yilgi anomal sovuq davrida kuniga 21,6 million kubometr gaz taqchil bo‘lgan. Shuning o‘rnini qoplash manbalari bo‘yicha aniq hisob-kitoblar qilingan. Buning uchun, yerosti gaz saqlash omborlaridan o‘tgan yili kunlik 18–20 million kubometr tabiiy gaz olingan bo‘lsa, bu yil kuniga 35–40 million kubometrgacha olish imkoni yaratilgan.
“Anomal sovuq kunlari GTL zavodiga 5 million kubometr gaz berishni qisqartiramiz. Shu bilan birga, zapravkalarga ham gaz berishni 30 foizga qisqartirish hisobidan gaz defitsiti qoplanadi. Bu faqatgina anomal sovuq kunlarga rejalashtirilgan”, deya ta’kidlagan vazir.
LiveBarchasi