Energetika vaziri iqtisodchi Otabek Bakirov ustidan prokuraturaga shikoyat qildi
Jamiyat
−
13 dekabr 2024
18248Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov iqtisodchi Otabek Bakirov ustidan Sag‘bon podstansiyasiga oid 2023 yilda yozilgan post bo‘yicha prokuratura va IIVga shikoyat arizasi kiritgan. Bu haqda iqtisodchining o‘zi Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Energetika vaziri ushbu post mundarijasida haqorat va obro‘sizlantirish holatlari mavjud, deb hisoblab, bu bo‘yicha Bakirovga nisbatan tegishli tartibda chora ko‘rilishini so‘ragan.
“Qiziq tarafi, qachondir haykal qo‘yiladigan Sag‘bon podstansiyasi bilan bog‘liq surunkali muammo yoritilgan post 2023 yil 5 iyunda yoki 1 yilu 7 oy avval yozilgan. Mirzamahmudov organlarga shikoyat arizasini 2024 yil 10 oktyabrda, ya’ni bir yilu 4 oy o‘tib taqdim etmoqda. Undanam qizig‘i, vazir Mirzamahmudov arizasini “Lolazor” podkasti mehmoni bo‘lgach, 6 kun o‘tib qoldirgan”, deb yozadi iqtisodchi.
Bakirovga ko‘ra, u podkastning birinchi sonidan keyin energetiklarning taklifi bilan tinimsiz ta’mirlanayotgan Sag‘bon podstansiyasiga ham borgan va kichik reportaj uyushtirgan. O‘shandan keyin Toshkent tumani Sag‘bondan uzilgan va elektr energiyasini boshqa tumandagi podstansiyalardan olmoqda.
“Shikoyat arizasi fuqaro Mirzamahmudov tarafidan emas, vazir Mirzamahmudov tomonidan kiritilgan. Ariza hozirda poytaxt IIB Kiberxavfsizlik bo‘linmasi tomonidan o‘rganilmoqda”, deb yozadi Bakirov.
QALAMPIR.UZ holat yuzasidan izoh olish maqsadida Energetika vazirligi bilan bog‘lanishga harakat qildi, biroq vazirlik matbuot xizmati hozirda izoh bera olmasligini bildirdi.
LiveBarchasi
Samarqand shahrida metro quriladi.
14 yanvar
Dollar kursi pastladi.
14 yanvar