Anomal issiq ortidan halok bo‘lganlar kamaytirib ko‘rsatilmoqda – BMT

Olam

image

Issiq ob-havo tufayli yuzaga kelgan kasalliklar va o‘lim holatlarini rasmiy hisobga olish hanuzgacha past darajada qolmoqda. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining joriy yilning 7 avgust kuni e’lon qilingan hisobotida keltirilgan.

Mutaxassislarning baholashicha, 2000 yildan 2019 yilgacha bo‘lgan davrda dunyoda har yili issiq ob-havo bilan bog‘liq taxminan 489 mingta o‘lim holati kuzatilgan. Ularning 45 foizi Osiyo, 36 foizi esa Yevropaga to‘g‘ri keladi.

Qayd etilishicha, Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) issiqlik bo‘yicha erta ogohlantirish tizimlarini kuchaytirish ustida faol ishlamoqda.

“Ekstremal issiqlikni ko‘pincha “sassiz qotil” deb atashadi, biroq zamonaviy ilmiy ma’lumotlar va texnologiyalar mavjud bo‘lgan bir paytda bu ta’rif bahona bo‘la olmaydi. Issiqlik tufayli kuzatiladigan har bir o‘limning oldini olish mumkin”, deydi JMT rahbarining o‘rinbosari Ko Barrett.

Shuningdek, “Kopernik” iqlim o‘zgarishi xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning iyul oyi kuzatuvlar tarixidagi uchinchi eng issiq iyul bo‘lgan. Dengiz sathi yuzasi o‘rtacha harorati ham uchinchi eng yuqori ko‘rsatkichga yetgan. Arktika dengizi muzlari maydoni esa sun’iy yo‘ldosh kuzatuvlari olib borilgan 47 yil ichida iyul oyida ikkinchi eng kichik darajaga tushgan.

Yevropada Shvetsiya va Finlyandiya eng ko‘p aziyat chekkan. Bu mamlakatlarda havo harorati uzoq muddat davomida 30 darajadan yuqori bo‘lgan. Janubi-sharqiy Yevropada issiq harorat bilan birga o‘rmon yong‘inlari ham kuzatilgan, Turkiyada esa milliy rekord qayd etilgan – 50,5 daraja. Yevropadan tashqarida eng yuqori haroratlar Himolay mintaqasi, Xitoy va Yaponiyada kuzatilgan.

Issiq ob-havo avgust oyida ham davom etmoqda. Xitoy poytaxti Pekindagi Jahon meteorologiya markazi ma’lumotlariga ko‘ra, avgustning birinchi haftasida G‘arbiy Osiyo, Markaziy Osiyoning janubi, Shimoliy Afrikaning katta qismi, Janubiy Pokiston va AQSHning janubi-g‘arbida maksimal harorat 42 darajadan oshgan. Ba’zi hududlarda harorat 45 darajadan yuqori bo‘lgan. Eronning janubi-g‘arbida va Iroqning sharqida u 50 darajaga yetgan. Bu esa elektr va suv ta’minotida, ta’lim tizimida hamda mehnat faoliyatida uzilishlarga olib kelgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘rtayer dengizida suv harorati anomal darajagacha ko‘tarilgani va 2025 yilning iyun oyida uning ayrim hududlarida suv harorati mavsumiy me’yordan 5 darajadan ortiq oshgani xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

BMT Anomal issiq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing