Angliya pullardagi tarixiy shaxslar tasvirini hayvonlarga almashtirmoqchi

Olam

image

Buyuk Britaniya banknotalaridan tarixiy shaxslar tasviri olib tashlanib, ularning o‘rnini hayvonlar egallashi mumkin. Bu haqda BBC xabar berdi.

Angliya banki kelajakda muomalaga chiqariladigan £5, £10, £20 va £50 nominalidagi banknotalar uchun 18 turdagi hayvon, qush va hasharotdan iborat qisqa ro‘yxatni e’lon qildi hamda jamoatchilik ovoz berish jarayonini boshladi.

Tashabbus amalga oshirilsa, 1970 yildan beri ilk bor banknotalarning orqa tomonida mashhur tarixiy shaxslar emas, Britaniya yovvoyi tabiatining vakillari tasvirlanadi. Shu bilan birga, banknotalarda mamlakat monarxi portreti va Birlashgan Qirollik tarkibidagi hududlarni ifodalovchi ramzlar saqlanib qoladi.

Qayd etilishicha, nomzodlar uch toifaga bo‘lingan. Sut emizuvchilar qatoriga afalina delfini, qo‘ng‘ir quyon, tipratikan, kulrang tyulen, qarag‘ay suvsari va qizil tulki kiritilgan. Qushlar orasida Atlantika tupig‘i (puffin), ombor boyo‘g‘lisi, zimorodok, Yevroosiyo kurliusi, katta ola toqildoq va oq dumli burgut bor. Uchinchi toifadan esa Atlantika lososi, ulkan akula, dumdor asalari, qurbaqa, imperator suvparisi va botqoq kapalagi o‘rin olgan.

Angliya banki ma’lumotlariga ko‘ra, fuqarolar 3 iyulgacha o‘zlariga ma’qul bo‘lgan nomzodlarga ovoz berishi mumkin. Biroq yakuniy qaror jamoatchilik emas, Angliya banki rahbari Endryu Beyli tomonidan qabul qilinadi. Shu sababli eng ko‘p ovoz to‘plagan to‘rtta jonzotning banknotalarga chiqishi kafolatlanmagan.

Nomzodlar ro‘yxatini shakllantirish uchun maxsus ekspertlar guruhi jalb qilingan. Uning tarkibiga tabiatshunos olimlar, ekologlar va yovvoyi tabiat haqidagi ko‘rsatuvlar mualliflari kirgan.

Tashabbus mamlakat siyosiy doiralarida bahslarga ham sabab bo‘lgan. Islohotchilar partiyasi rahbari Nayjel Faraj avvalroq tarixiy shaxslarni hayvonlar bilan almashtirish g‘oyasini tanqid qilgan bo‘lsa, boshqa siyosatchilar ham bu qaror vaqti noto‘g‘ri tanlanganini aytgan.

“Qisqa ro‘yxatga kiritilgan hayvonlar Buyuk Britaniya tabiatining boy xilma-xilligini namoyon etadi”, deya ta’kidlagan Angliya bankining bosh g‘aznachisi Viktoriya Kleland jamoatchilikni muhokamada faol ishtirok etishga chaqirib.

Hozirgi kunda muomaladagi banknotalarda sobiq bosh vazir Uinston Cherchill, yozuvchi Jeyn Ostin, rassom Jozef Mellord Uilyam Tyorner va matematik Alan Tyuring tasvirlangan.

Angliya banki ma’lum qilishicha, banknotalar dizayni vaqti-vaqti bilan yangilanib turiladi va bu jarayon qalbakilashtirishga qarshi kurashish uchun ham muhim ahamiyatga ega.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Moliya vaziri Skott Bessent Prezident Donald Tramp surati tushirilgan 250 dollarlik yangi banknota tayyorlanayotganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

hayvon banknota Anliya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing