Anqarada Alisher Navoiy haykali o‘rnatildi
Jamiyat
−
03 Sentabr
2490Joriy yilning 30 avgust kuni Turkiyada bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston mustaqilligining 33 yilligi tadbirlari doirasida Anqara shahri Kechio‘ren tumanida Alisher Navoiy haykalining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, tadbirda Turkiya Tashqi ishlar vazirligi, TÜRKSOY tashkiloti, Anqara shahri va tumanlari hokimliklari vakillari, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, navoiyshunos va tilshunos olimlar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
“Anqarada buyuk ajdodimizning ulug‘vor haykalining ochilishi nafaqat bizlar uchun, balki Turkiyadagi barcha birodarlarimiz, hattoki butun turkiy dunyodagi qardoshlarimiz uchun katta sharaf ekaniga chin dildan ishonaman”, deydi elchi Alisher A’zamxo‘jayev.
Ma’lumot uchun, hozirga qadar Navoiy haykali Moskva, Dushanbe, Ostona, Tokio, Minsk, Shanxay, Seul va Baku shaharlarida o‘rnatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avgust oyi boshida O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari Ostona shahrida Alisher Navoiy haykalini ochib bergandi. Qosim-Jomart To‘qayev buni “qozoq xalqining o‘zbek xalqiga bo‘lgan alohida hurmati ramzi” deb atagan.