Anqara yaqinida qulagan Liviya samolyotining “qora quti”si topildi

Olam

image

Avvalroq, bortida Liviya Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Muhammad al-Haddad bo‘lgan samolyot Anqara yaqinida halokatga uchragani haqida xabar berilgan edi. Turkiyalik qutqaruvchilar mazkur samolyotning bort yozuvchisini (qora quti) topdi. Bu haqda Turkiya Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya TRT Haber telekanali efirida ma’lum qildi.

“Qora quti chorshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 02:45 da topildi. Hozirda keng qamrovli tergov olib borilmoqda, uning natijalari yaqin vaqt ichida ma’lum qilinadi”, deydi u.

Vazirga ko‘ra, Falcon 50 samolyoti kecha, 23 dekabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 20:17 da Anqaradagi Esenbo‘g‘a aeroportidan Tripoliga parvoz qilgan. Soat 20:32 da ekipaj bortda favqulodda holat yuzaga kelgani va aeroportga qaytishini bildirgan. Soat 20:52 da samolyot bilan aloqa uzilgan. Samolyot qoldiqlari soat 22:00 da Anqara viloyatining Haymana hududida topilgan. Bortda sakkiz kishi, jumladan besh nafar liviyalik harbiy bo‘lgan.

Turkiya Ichki ishlar vazirining aytishicha, halokat hududida qidiruv ishlari davom etmoqda. Ularga Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, jandarmeriya, kriminalistlar vakillari jalb qilingan bo‘lib, jami 408 kishi, 103 ta yerusti texnikasi va 7 ta havo vositasi ishtirok etmoqda.

“Samolyot bo‘laklari taxminan 3 kvadrat kilometr maydonga sochilib ketgan”, deydi Yerliqoya.

U, shuningdek, hodisa sabablarini aniqlash uchun Liviyadan Anqaraga 20 nafar mutaxassis kelganini qo‘shimcha qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Liviya Milliy birlik hukumati Turkiyada sodir bo‘lgan aviahalokat oqibatida armiya Bosh shtabi boshlig‘i general Muhammad al-Haddad va uni kuzatib borgan shaxslar halok bo‘lgani munosabati bilan mamlakatda uch kunlik rasmiy motam e’lon qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

aviahalokat Liviya Muhammad al-Haddad

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing