Anqara Netanyaxuning Erdo‘g‘anga qarshi ayblovlarini rad etdi
Olam
−
16 noyabr 2023
7183Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Isroil rahbariyatining Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga qo‘ygan ayblovlarini rad etib, G‘azoda insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etganlar erta yo kech, albatta, javobgarlikka tortilishiga ishonch bildirdi. Bu haqda vazirlikning X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida tegishli bayonot e’lon qilindi.
“Haqiqat aytilishini yoqtirmaydilar Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Tashqi ishlar vaziri Eli Koenning Prezidentimizga qarshi asossiz tuhmatlari ularning o‘z jinoyatlarini yashira olmaydi. Insoniyat ongida qonuniyligini anchadan beri yo‘qotgan Isroil rasmiylari butun dunyo oldida sodir etgan jinoyatlarini, xususan, shifoxonalarni bombardimon qilish, ayollar va bolalar o‘ldirilishini yashira olmaydi. Insoniyatga qarshi bu jinoyatlarning tashabbuskorlari va ijrochilari ertami-kechmi javobgarlikka tortiladilar”, deyiladi bayonotda.
TIVning qo‘shimcha qilishicha, Turkiya G‘azo sektoridagi qirg‘inga qarshi turishda davom etadi va Falastin xalqining adolatli ishini qo‘llab-quvvatlaydi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Netanyaxu Erdo‘g‘anning G‘azo sektoridagi vaziyatni tanqid qilganiga javoban jahon hamjamiyatini Turkiya rahbarining Falastin-Isroil mojarosi yuzasidan bildirgan pozitsiyasini qoralashga chaqirgandi.
LiveBarchasi