Angrenda YPX xodimi haydovchiga “elektroshoker” qo‘lladi
3-sahifa
−
18 dekabr 2023
8346Ijtimoiy tarmoqlarda Angrenda YPX xodimi fuqaroga “elektroshoker” qo‘llagani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining matbuot kotibi ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, voqea bugun, 18 dekabr kuni soat 12:00larda Angren shahar hududida sodir bo‘lgan.
Gap shundaki, shu kuni xizmatga jalb qilingan YPX inspektori tomonidan 1988 yilda tug‘ilgan haydovchi S.X. boshqaruvidagi Nexia-2 avtomashinasi qoida buzganligi uchun to‘xtatilgan.
Inspektor tomonidan haydovchiga tushuntirish berilib, tegishli hujjatlarni taqdim etish so‘ralganida, S.X. hujjat berishdan bosh tortib voqea joyidan ketib yuborgan.
Shundan so‘ng shahar dehqon bozori hududida Nexia-2 avtomashinasi ikkinchi marta to‘xtatilgan va fuqaro ogohlantirilib, uning qonuniy talabga bo‘ysunishi so‘ralgan. Shunga qaramay, haydovchi YPX inspektorini turli so‘zlar bilan haqoratlab, qarshilik ko‘rsatishda davom etgan.
“Oqibatda inspektor O‘zbekiston Respublikasi “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonunga asosan, “elektroshoker” qo‘llagan. Hozirda voqea ishtirokchilarining harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida qo‘shimcha o‘rganish ishlari o‘tkazilmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Buxoroda yo‘l harakati xavfsizligi xodimini videoga olib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan ikki nafar shaxs javobgarlikka tortilgandi.