Angren shahar prokurori lavozimidan ozod etildi
Jamiyat
−
20 iyun
9262Toshkent viloyati Angren shahar prokurori Ulug‘bek Xabiljonovich Xabiljonov yangi lavozimga tayinlanishi munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Angren shahar hokimligi xabar berdi.
Keltirilishicha, Ulug‘bek Xabiljonov endilikda Toshkent shahar Chilonzor tumani prokurori lavozimida ish boshlaydi.
Chilonzor tumani prokurori sifatida 2022 yil avgustidan buyon Jahongir Murodov faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Ma’lumot uchun, 2023 yilning 20 yanvar kuni Ulug‘bek Xabiljonov Angren shahridagi 22-sonli maktab o‘qituvchilarini maktab hududini tozalashga jalb qilgandi. O‘shanda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova holat yuzasidan munosabat bildirib, holat Bosh prokuratura nazoratiga olinganini ma’lum qilgandi. Toshkent viloyati prokuraturasi esa Angren shahar prokurori Xabiljonovning faoliyatda yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklari uchun intizomiy jazoga tortilganini bildirdi.
Shundan so‘ng Ulug‘bek Xabiljonov muhokamalarga sabab bo‘lgan holat yuzasidan majburiy mehnatga jalb qilingan o‘qituvchilardan uzr so‘rab, videomurojaat yo‘llagan. U o‘qituvchilarni qor kurashga chaqirmaganini, aksincha, maktab ma’muriyatiga holatni bartaraf etish uchun mas’ul xodimlarni jalb qilishni so‘raganini ro‘kach qilgandi.