O‘quvchilarning smartfonlardan foydalanishi taqiqlanadi
Olam
−
04 Oktabr 2023
7504Angliya maktablarida mobil telefonlardan foydalanishni taqiqlash masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda Buyuk Britaniya ta’lim vazirligi bayonotida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, Qirollik Ta’lim vaziri Jillian Kigan Angliya maktablarida mobil qurilmalarni ishlatishni cheklashni maslahat bergan.
“Ushbu chora-tadbirlar buzg‘unchi xulq-atvor va onlayn bezorilikka qarshi kurashishga hissa qo‘shadi. Shuningdek, o‘quvchilarning darsga bo‘lgan e’tiborini oshiradi”, deyilgan Ta’lim vazirligi bayonotida.
Vazir kun davomida, hatto tanaffus paytida ham mobil telefonlarni ishlatmaslikni tavsiya etadi.
Agar maktablarda ushbu talablar to‘liq kuchga kirmasa, hukumat kelgusi yilda majburiy qonunchilik aktini qabul qilishga majbur bo‘ladi.
Ma’lumot o‘rnida, Fransiya, Italiya va Portugaliya maktablarida allaqachon dars paytida qo‘l telefonlaridan foydalanish mumkin emas. Avvalroq BMT ham o‘quv muassasalarida smartfonlarni ishlatish xavfidan ogohlantirgan edi.
Britaniya hukumatining bildirishicha, Angliyadagi maktab o‘quvchilarining taxminan uchdan bir qismi – 29 foizi dars paytida smartfonlarini o‘ynab o‘tirishi aniqlangan.
Akobir Sayidov