Angliyada dekabrgacha lokdaun e’lon qilindi
Olam
−
01 noyabr 2020
6655Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson Angliyada koronavirus tarqalishi tezlashgani sababli 5 noyabrdan 2 dekabrgacha yangi cheklovlar amal qilishini e’lon qildi.
“Payshanba kunidan asosiy xabar bahordagi lokdaundagidek bo‘ladi – uy qoling!”, degan Bosh vazir. U ertaga bu rejani Hukumat bilan muhokama qiladi, 4 noyabrda parlament bu taklif bo‘yicha ovoz beradi va 5 noyabrdan Angliyada yangi lokdaun boshlanadi.
Jonsonning qaroriga ko‘ra, 5 noyabrdan Angliya aholisi uyda qolishi lozim. Uyni ish va o‘qish, shifokor huzuriga, do‘konga borish yoki yaqinlariga yordam berish uchungina tark etishga ruxsat beriladi. Shuningdek, ochiq havoda sport bilan shug‘ullanish va sayr qilish mumkin bo‘ladi. Maktablar, kollej va universitetlarda o‘qish davom etadi.
Bar va restoranlar faqat buyurtmani o‘zi bilan olib ketilishiga ishlaydi. Oziq-ovqat do‘konlaridan tashqari boshqa do‘konlar, sartaroshxonalar, go‘zallik salonlari, sportzallar, hordiq chiqarish va ko‘ngilochar maskanlar faoliyati to‘xtatiladi.
Xorijga ishchi safardan boshqa maqsadlarda chiqish taqiqlanadi.
Bosh vazir ushbu cheklovlar kichik va o‘rta biznesga qattiq zarba berishini tan olib, tadbirkorlarga ko‘mak ko‘rsatilishiga va’da bergan.
Jonson, shuningdek, pandemiya sababli britaniyaliklar Rojdestvo bayramini odatdagidek nishonlay olmasliklari haqida ogohlantirgan.
“Rojdestvo bu yil odatdagidek bo‘lmaydi. Ehtimol, o‘zgarish katta bo‘ladi”, degan Boris Jonson.
Bu cheklovlar faqat Angliyaga taalluqli bo‘ladi. Britaniyaning qolgan hududlari koronavirusga qarshi qanday choralar kiritilishini o‘zi belgilaydi.
Britaniyada so‘nggi sutkada yangi kasallanish holatlari 21 mingdan ko‘proqni, o‘lim holatlari 326 tani tashkil qildi. Mamlakatda pandemiya boshidan beri kasallanganlar soni bir milliondan oshdi, ulardan 46,5 mingdan ko‘prog‘i infeksiyadan vafot etgan.