Angliya Premer ligasi tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar e’lon qilindi

Sport

image

Angliya terma jamoasi va “Nyukasl” klubining sobiq futbolchisi Alan Shirer Angliya Premer ligasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar hisoblanadi. Shirerning hisobida 260 ta gol mavjud. Bu haqda “Goal” nashri yozmoqda.

Ikkinchi pog‘onaga Ueyn Runi joylashgan. “Manchester Yunayted”ning sobiq futbolchisi Premer ligada 208 ta gol urishga erishgan.

Kuchli uchlikka Xarri Keyn yakun yasab bergan. “Tottenxem” futbolchisi hozirgacha 193 ta gol urgan. Shirer va Runidan farqli ravishda Keyn ayni damda ham futbol o‘ynamoqda. 29 yoshli hujumchi uch-to‘rt mavsum stabil gol uradigan bo‘lsa, APL tarixidagi eng yaxshi goleadorga aylanishi mumkin.

APL tarixidagi eng yaxshi 10 nafar to‘purar bilan tanishing:

1. Alan Shirer 260 ta gol (qaysi jamoalar tarkibida urgan: “Nyukasl”, “Blekbren”);

2. Ueyn Runi 208 ta gol (“Manchester Yunayted”, “Everton”);

3. Xarri Keyn 193 ta gol (“Tottenxem”);

4. Endi Koul 187 ta gol (“Nyukasl”, “Manchester Yunayted”, “Blekbren”, “Fulxem”, “Manchester Siti”, “Portsmut”);

5. Serxio Aguero 184 ta gol (“Manchester Siti”);

6. Frenk Lempard 177 ta gol (“Vest Xem Yunayted”, “Chelsi”, “Manchester Siti”);

7. Terri Anri 175 ta gol (“Arsenal”);

8. Robbi Fauler 163 ta gol (“Liverpul”, “Lids”, “Manchester Siti”);

9. Jermeyn Defo 162 ta gol (“Vest Xem Yunayted”, “Tottenxem”, “Sanderlend”, “Portsmut”, “Bornmut”);

10. Maykl Ouen 150 ta gol (“Liverpul”, “Nyukasl”, “Manchester Yunayted”, “Stok Siti”).

Yuqoridagi o‘nlikni qo‘shib hisoblaganda, Angliya Premer ligasi tarixida 32 nafar futbolchi 100 tadan ko‘p gol urgan. Faqatgina yuqoridagi 10 nafar futbolchi 150 ta yoki undan ko‘proq gol kiritishga erishgan. Ularning eng yaqin ta’qibchisi Jeymi Vardi hisoblanadi. Vardi APLda hammasi bo‘lib, 133 ta gol kiritgan.

“Liverpul”ning misrlik hujumchisi Muhammad Saloh APLda 123 ta gol kiritib, afsonaviy Stiven Jerardni ortda qoldirdi. “Qizillar”ning sobiq futbolchisi Premer ligada 120 ta gol urgan edi. Shuningdek, Saloh APLdagi afrikalik eng yaxshi to‘purar hisoblanadi. Undan keyingi o‘rinlarda Sadio Mane va Dide Drogba bormoqda.
 
Alan Shirerga 100 ta gol urish uchun 124 ta o‘yin kerak bo‘lgan. Boshqa hamma futbolchi 100 ta gol urish uchun Shirerdan ko‘proq o‘yin o‘tkazgan. Xarri Keynga 100 ta gol urish uchun 141 ta o‘yin ketgan.

APLda 100 ta gol urishga erishgan 32 ta futbolchidan 6 nafari penaltidan bitta ham gol urmagan. Bular: Sadio Mane, Endi Koul, Piter Krauch, Emil Xeski, Les Ferdinand va Rayan Giggzdir.

Shuningdek, faoliyatining katta qismini APLdan boshqa chempionatda o‘tkazgan Krishtianu Ronaldu ham 100 talik dovonni zabt etgan. Uning hisobida 103 ta gol mavjud.

Ma’lumot uchun, APLning joriy mavsumida “Manchester Siti” futbolchisi Erling Xoland yaqqol to‘purar bo‘lib turibdi. Uning hisobida 17 ta gol mavjud va bu atigi 11 ta o‘yinda kiritilgan. Mavsum yakunlanishiga yana 27 tur bor. APLda bir mavsumda gol urish bo‘yicha eng yaxshi natija 34 tani tashkil qiladi. Jarohat yoki boshqa omillar xalaqit bermasa, Xoland ushbu rekordni urishi deyarli aniq bo‘lib turibdi.


Maqola muallifi

Teglar

APL

Baholaganlar

37

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing