Andijonning 3 tumanida xalqqa ajratilgan ko‘mir talon-toroj qilindi
3-sahifa
−
12 noyabr 2023
5735Andijon viloyatining 3 ta tumanidagi “Ko‘mir ta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyati tasarrufidagi ombor mudirlari xalq ko‘mirini talon-toroj qildi. Bu haqda viloyat prokuraturasi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, “Ko‘mir ta’minot” MCHJning Andijon viloyat filiali tasarrufidagi Andijon tuman ko‘mir ombori mudiri Sh.B. kuz-qish mavsumida aholiga imtiyozli narxda tarqatishga mo‘ljallangan 362,3 million so‘mlik 1 tonna 220 kilogramm ko‘mirni talon-toroj qilgan.
Shuningdek, Buloqboshi tuman ko‘mir ombori mudiri S.N. 178,3 million so‘mlik 4 tonna 455 kilogramm ko‘mirni go‘yoki fuqarolar olganligi to‘g‘risida soxta ma’lumotlar tayyorlab, naqd pulga sotgan va mablag‘larni o‘z shaxsiy ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.
Jalaquduq tumanida sodir etilgan holatda esa ombor mudiri Y.Yu. 421,7 million so‘mlik 1 tonna 419,9 kilogramm ko‘mirni pullab, shaxsiy manfaatlari yo‘lida talon-toroj qilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan ombor mudirlari Sh.B., S.N., va Y.Yu.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.
Jinoyat ishlari yuzasidan dastlabki tergov harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.
LiveBarchasi