Andijonga yangi hokim tayinlandi. Avvalgisi qamoqqa olingandi
Jamiyat
−
14 iyun 2022
13455Andijon shahriga G‘ofurjon G‘ulomovich Abdurahmonov hokim etib tayinlandi. Bu haqda shahar hokimligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, G‘ofurjon G‘ulomovich Abdurahmonov Andijon shahar hokimi lavozimida Bahrom Haydarovning o‘rnini egallagan.
Ma’lumot o‘rnida, Gofurjon Gulamjonovich Abdurahmonov 1976 yilda Andijon shahrida tug‘ilgan. 1998 yilda Andijon muhandislik iqtisodiyot instituti tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 1994 yili Markaziy bank Andijon viloyati Bosh boshqarmasi ekspeditori, 2-toifali hisobchisi, 1-toifali hisobchisi, yetakchi eksperti vazifasidan boshlagan.
1997-2022 yillarda Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki Andijon viloyati bo‘limi 1-toifali mutaxassisi, yetakchi mutaxassisi, Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki Andijon viloyati bo‘limi Poytug‘ filiali boshqaruvchisi o‘rinbosari, Paxtaobod tuman filiali boshqaruvchisi, viloyat bo‘limi boshqaruvchisining o‘rinbosari, so‘ng viloyat bo‘limi boshqaruvchisi, Markaziy bank Andijon viloyati Bosh boshqarmasi boshlig‘i, ATB “Qishloq qurilish bank” boshqaruv raisining o‘rinbosari vazifalarida faoliyat yuritgan.
Tayinlovga qadar Abdurahmonov ATB “Qishloq qurilish bank” Boshqaruv raisining maslahatchisi vazifasida faoliyat yuritgan.
Eslatib o‘tamiz, sobiq Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov joriy yilning 6 iyun kuni qamoqqa olindi. U jinoiy sheriklari bilan 48 mlrd so‘m byudjet mablag‘larini talon-toroj qilganlikda ayblanmoqda. Uning ortidan Andijon viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i ham hibsga olindi.
Aytish joizki, dastlab Bahrom Haydarov davlat manfaatlariga 1 mlrd 779 mln so‘m zarar yetkazishda gumonlangandi. Andijon shahar prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan jinoyat ishi doirasida joriy yilning 3 fevral kuni deputat va hokimni tergovga jalb qilish maqsadida Andijon viloyati prokuraturasiga taqdimnoma kiritilgan.
Dastlabki tergov harakatlari davomida Bahrom Haydarov hokimiyat huzuridagi Yer maydonlarini ajratish bo‘yicha doimiy ishlovchi maxsus komissiya a’zolari bilan guruhda Yer kodeksining 17, 23, 62-moddalari, qolaversa, Prezident hamda Vazirlar Mahkamasining qaror hamda farmoyishlariga zid ravishda jismoniy va yuridik shaxslarga auksion orqali o‘zining vakolatidan qasddan foydalanib, yer maydonlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratilishi haqida mutasaddi mansabdorlarga ko‘rsatma bergani aniqlangan.
Hokim aslida bekor qilingan hujjatlarni asos qilib ko‘rsatgan holda, komissiya dalolatnomalari va yer ajratish to‘g‘risidagi qarorlariga soxta ma’lumotlar va yozuvlar kiritib, 2019-2020 yillarda yer maydonlarini ajratish to‘g‘risidagi qaror va farmoyishlarni qabul qilgan.
Keyinroq Bosh prokuratura Bahrom Haydarov Andijon shahar moliya bo‘limida ishlagan vaqtida 48 mlrd mablag‘larni talon-toroj qilishda gumonlanayotganini ma’lum qildi. Bosh prokuratura tomonidan olib borilayotgan tergov ishida 37 nafar shaxs ayblanib ulardan 32 nafari hibsga olingan.
LiveBarchasi