Andijonga katta futbol endi kirib kelmoqda

Sport

image

Bugun 18 aprel kuni O‘zbekiston Superligasining 5-tur o‘yinlariga start beriladi. 

Mahalliy vaqt bilan 17:00da vodiyning “Andijon” jamoasi o‘z maydonida Qarshining “Nasaf” klubini qabul qiladi.

E’tiborlisi, andijonliklar bu yilgi mavsum hisobidan ilk marta o‘z maydonlarida o‘yin o‘tkazishadi. Sababi “Andijon” klubining uy stadioni hisoblanmish “Sog‘lom avlod” o‘yingohi shu paytga qadar ta’mirlanayotgan edi.

O‘zA xabar qilishicha, bugun o‘yin arafasida zamonaviy stadionning ochilish marosimi ham o‘tkaziladi. Ochilish marosimida MOQ prezidenti va O‘FA birinchi vitseprezidenti Umid Ahmadjonov ham ishtirok etishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, “Sog‘lom avlod” stadionida salkam to‘rt oy ichida katta hajmdagi ta’mirlash ishlari olib borildi. O‘yingohning rekonstruksiyasi uchun 10 milliard so‘mdan ko‘p mablag‘ sarflandi. Maydon chimi tubdan yangilandi. Endilikda maydonni zamonaviy drenaj tizimi orqali sug‘orish imkoniyati paydo bo‘ldi. Maydonga maxsus moslamalar o‘rnatildi, yana ma’lum ishlar bajarilgach, maydonga chim yotqizildi. 

Asosiysi O‘zbekiston sharoitiga mos keladigan, parvarishga qarab to‘rt faslda ham “yashay” oladigan, qishin-yozin yashil “libosini” ko‘z-ko‘z qilib turadigan chim Gollandiyaning Amsterdam shahridan olib kelindi. Klub eng sifatli chim masalasida tanlab-tanlab Volgogradning “Promoster sport” kompaniyasi bilan muloqotga kirishdi. “Kronagrupp” nomli chim yetishtiruvchi ushbu kompaniya Andijonga Gollandiyada yetishtiruvchi chimni tavsiya etdi.

Stadionga yangi elektron reklama shitlari va tablo o‘rnatildi. Maydon chetida joylashgan 180 metrli elektron reklama shitlari va 11.30 x 7.20 m kattalikdagi zamonaviy tablo Xitoyning “Fokonooptoelektroniks” kompaniyasi tomonidan taqdim etildi. 8 yilga kafolatlanayotgan moslamalarning afzalligi shundaki, tablo 65620 xil rangda toblanadi, 10 metrdan 250 metrgacha masofada bemalol ko‘rish imkonini beradi. Elektron reklama shiti esa tabloda aks etgan lavhani ham namoyish etishga moslashtirilganligi bilan boshqalardan ajralib turadi.

Qolaversa, stadionning 18300 o‘rinli plastmas o‘rindiqlari Samarqandda zamonaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqilgan o‘rindiqlar bilan almashtirildi va ularning soni 19000 taga yetkazildi.


Maqola muallifi

Teglar

Superliga

Baholaganlar

25

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing