Andijondagi uylardan birida gaz portladi. Qurbon bor

3-sahifa

image

Joriy yilning 3 yanvar kuni Andijon viloyatining Marhamat tumanida isitish pechi chaqnashi ortidan bir oilaning 3 a’zosi jarohatlandi, 1 kishi vafot etdi. Bu haqda QALAMPIR.UZ so‘roviga asosan Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, shu kuni soat 03:00 da Marhamat tumanining “Shomat” MFYda yashovchi X.Sh. yashash xonadonining yotoqxona qismida qo‘lbola usulda qurilgan isitish pechini yoqmoqchi bo‘lib, gugurt chaqqan vaqtida xonaga to‘plangan tabiiy gaz va havo aralashmasidan chaqnash yuz berib, ushbu xonada bo‘lgan X.Sh. tanasining 90 foizi, turmush o‘rtog‘i L.Sh. tanasining 35-40 foizi, o‘g‘li J.H. tanasining 20-30 foizi, qizi X.H. tanasining 70 foiz qismi kuyish tashxisi bilan tuman SHTTYOBga yotqizilgan.

Hodisa joyiga tuman prokurori, tuman prokuratura tergovchisi, IIB boshlig‘i, Favqulodda vaziyatlar bo‘limi hamda tuman gaz ta’minoti filiali mas’ul shaxslari va tezkor tergov guruhi chiqib, protsessual hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Hozirda jabrlanuvchilardan X.Sh. va uning o‘g‘li J.H. tuman SHTTYOBda davolanayotgan bo‘lsa, L.Sh. Andijon shahrida joylashgan Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy-amaliy markazida davolanmoqda. Voyaga yetmagan X.H. esa olib borilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan 4 yanvar kuni vafot etgan.

Ayni paytda tuman prokuraturasi tomonidan jabrlanuvchilarga nisbatan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda, tekshiruv yakuni bo‘yicha batafsil axborot taqdim etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyatida gaz portlashi oqibatida bir oilaning 2 a’zosi vafot etgandi, yana 2 nafari kuyish jarohatini olgandi.


Maqola muallifi

Teglar

portlash Marhamat tumani chaqnash isistish pechi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing