Andijondagi “Dunyo sadolari” 6 mlrd so‘mga tushdi
Jamiyat
−
04 avgust
12701Andijon viloyatining Xonobod shahrida 29-31 iyul kunlari bo‘lib o‘tgan “Dunyo sadolari” xalqaro milliy estrada san’ati festivaliga barcha manbalar hisobidan jami 6 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, festival davomida Xonobod shahriga mahalliy va xorijiy tashrif buyuruvchilar soni 2,5 barobarga (2 mln nafar) ortgan. Tadbirkorlik sub’ektlarida tushum keskin ortgan. Jumladan, 2024 yilning 7 oyi davomida tushum 48 milliard so‘mni tashkil qilib, (shundan 29-31 iyul kunlari 8,5 milliard so‘mga yetgan) o‘tgan yilning mos davrida nisbatan 2 barobarga ortgan.
Hokimlikka ko‘ra, bu ko‘rsatkichlar Xonobod shahridagi tadbirkorlik sub’ektlarining va aholining daromadi oshganligini ko‘rsatmoqda. Savdo va xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar soni o‘tgan 2023 yilda 48 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yildagi xalqaro tadbir davomida doimiy faoliyat olib boruvchi tadbirkorlik faoliyatlari soni 230 taga ko‘payib, qariyb 5 barobarga ko‘paygan. Mehmonlarga xizmat ko‘rsatuvchi dala hovli va uy mehmonxonalaridagi yotoq joylar soni 1900 tani tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yilda bu raqam 6 mingdan ortgan.
Shuningdek, aholi daromadlarini oshirish, ish bilan ta’minlash va kam daromadli fuqarolarning daromadini oshirishda “Sayxunobod”, “Uychi” tajribasi asosida 600 dan ortiq xonadonlarda uy-mehmonxonalar tashkil etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq viloyatda o‘tgan “Dunyo sadolari” xalqaro festivali bo‘yicha jurnalistlar bilan Xonobod shahrida o‘tkazilgan muloqotda Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning jurnalistlarga qarata “Mening gaplarimdan kavak qidirmanglar. Ovora bo‘lib yomonlik qidirmalaring. Qo‘llaringdan balo ham kelmaydi baribir... Ming o‘ylaganing bilan soching oqaradi yoki to‘kiladi, xolos, boshqa narsa bo‘lmaydi”, degan so‘zlari qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘lgandi.
LiveBarchasi