Andijondagi “daraxt qirg‘ini” bo‘yicha jinoyat ishi ochildi
Jamiyat
−
18 yanvar 2022 4391 2 daqiqa
Avvalroq, Andijon viloyati perinatal markazi hududida 12 tup daraxt noqonuniy ravishda kesilgani haqidagi xabar bergan edik. Bosh prokuratura mazkur holat bo‘yicha o‘rganish o‘tkazib, xulosalarini e’lon qildi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Prezidentining 2021 yil 30 dekabrdagi “Respublika ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan daraxt kesishga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirilganiga qaramay, Andijon shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i G‘.Sh. tomonidan viloyat perinatal markazi hududidagi “Eldor qarag‘ayi” (Pinus eldarica) navli 12 tup daraxtlar qonunga xilof ravishda kesib yuborilganligi oqibatida tabiatga 115,5 mln. so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
O‘tkazilgan tekshirish natijasiga ko‘ra, Andijon shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i G‘.Sh.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, perinatal markazdagi daraxtlar shaxsan viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovning buyrug‘i bilan kesilgani aytilgandi. Aftidan, prokuratura bunga isbot topmagan.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Andijon shahar Perinatal markazi hududida 12 tup “eldor qarag‘ayi” daraxti O‘zbekiston Respublikasining “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunining 37-moddasi 2-bandi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 30 dekabrdagi “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining 2-bandi talablari buzilganini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi