Andijondagi bemorda maymun chechagi aniqlandimi? SSB holatga aniqlik kirtdi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Kecha, 12 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Asaka tumanidagi 49 yoshli ayolda toshmalar toshgani, bu dunyo bo‘yicha tarqalayotgan maymun chechagi bo‘lishi ham mumkinligi aytilgan xabar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi Matbuot xizmati izoh berdi.

Qayd etilishicha, boshqarma boshlig‘i rahbarligida malakali mutaxassislar, xususan, infeksionist, toksikolog, terapevt, koj-venerolog, allergologlar ishtirokida bevosita bemorning o‘zi ko‘rikdan o‘tkazilgan va xabarlar asossiz ekani tasdiqlangan.

Xabarga ko‘ra, 1973 yilda tug‘ilgan X.Yu. ismli bemor 12 iyun kuni soat 11:07 da Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi (RSHTYOIM) Andijon filiali Toksikologiya bo‘limiga “badaniga toshmalar toshish, tana harorati ko‘tarilish, bezovtalik, nafas bo‘g‘ilishi, o‘ta holsizlik” tashxisi bilan yotqizilgan. 

Qayd etilishicha, bemor “yuqori nafas yo‘llari yallig‘lanishi va bo‘yin limfa tugunlari kattalashishi” tashxisi bilan 3 kun uyida davolangan, davolanish davrida u turli dori-vositalari: in’eksiyalarni qabul qilgan. Oqibatda 2 kun davomida dastlab badanlarida, keyin og‘iz ichiga ham toshmalar toshgan. 

Mazkur davrda bemor Asaka tuman tibbiyot birlashmasi yuqumli kasalliklar bo‘limiga murojaat qilgan va 1 kun davolangan, ammo ijobiy o‘zgarishlar bo‘lmagani uchun RSHTYOIM Andijon filialiga yuborilgan.

“Ko‘rsatilgan muolajalar sabab bemorning umumiy holatida yaxshilanish kuzatildi, unga reanimatsiya choralari shart emasligi uchun oddiy palatada davolanishni davom ettirmoqda”, deyiladi xabarda.

Ayolga “dori moddalariga allergik reaksiya tashxisi” qo‘yilgan.

Ma’lumot o‘rnida, maymun chechagi kam uchraydigan virusli kasallik bo‘lib, asosan yovvoyi hayvonlardan odamlarga yuqadi. Kasallikning belgilari isitma, bosh og‘rig‘i, mushak og‘rig‘i, bel og‘rig‘i, limfa tugunlari shishishi, titroq va charchoqni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, yuz va tananing boshqa qismlarida teri toshmasi ham paydo bo‘lishi mumkin. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, maymun chechagi epidemiyasi uchun o‘lim darajasi odatda 1 foizdan 10 foizgacha, o‘limning aksariyati yosh guruhlarda sodir bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

maymun chechagi

Baholaganlar

914

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing