Andijondagi 30 ta ma’muriy bino biznes uchun bo‘shatib beriladi
Jamiyat
−
13:39 537 2 daqiqa
Andijon shahridagi 30 ta ma’muriy binoni ko‘chirish orqali biznes uchun 13 gektar yer va 70 ming kvadrat metr joy bo‘shaydi. Bu haqda bugun, 24 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilishda so‘z bordi.
Yig‘ilishda aholi daromadlari bilan birga zamonaviy xizmatlarga talab ham ortib borayotgani qayd etilgan. Andijondagi davlat tashkilotlarini Bobur shahriga ko‘chirish hisobiga bo‘shaydigan bino va maydonlar savdo hamda xizmatlar sohasini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
30 ta ma’muriy binoni ko‘chirish orqali biznes uchun 13 gektar yer va 70 ming kvadrat metr joy bo‘shaydi. Buning hisobiga qo‘shimcha 1 milliard dollar investitsiya jalb qilish va kamida 20 ming ish o‘rni yaratish imkoniyati bor.
Asaka, Shahrixon, Qo‘rg‘ontepa markazlari va Xonobod shahrini ham yuqori daromadli biznes hududlariga aylantirish vazifasi qo‘yilgan. Ularning bosh rejalari savdo va xizmatlarda kamida 20 ming ish o‘rni yaratadigan loyihalarga moslashtiriladi.
Shuningdek, yig‘ilishda davlat banklarini mijozlar biznesini o‘stirish tamoyili asosida transformatsiya qilish zarurligi ta’kidlangan. Yil boshidan garov yoki kafil topa olmagan 35 ming kishiga kredit berilmagan. Banklar an’anaviy garov va bir xil standart shartlar bilan cheklanib qolmasligi kerakligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Qayd etilishicha, endi real pul oqimi, buyurtma va shartnomalar, debitorlik qarzi, tovar aylanmasi hamda biznes zanjiriga asoslangan kompleks moliyaviy mahsulotlar keng joriy qilinadi. Kichik tadbirkorlarning lider korxona yoki yirik buyurtmachi bilan uzoq muddatli shartnomasi kredit garovi sifatida qabul qilinadi.
500 million so‘mgacha loyihalarni kreditlashda biznes-reja talab etilmaydi. Kredit garovga emas, pul oqimiga qarab ajratiladi. Eksportbop mahsulot uchun xomashyo sotib olish kreditlarida esa sug‘urta polisining o‘zi garov sifatida yetarli bo‘ladi.
To‘qqizta davlat bankiga bir oyda biznesni o‘stirishga ko‘maklashadigan 20 ta yangi bank mahsulotini taklif etish vazifasi qo‘yilgan. Mahalla bankirlari yangi xizmatlarni aholi va tadbirkorlarga tushuntirib boradi.
Live
Barchasi