Andijonda maktab direktori bolalarni ayovsiz kaltakladi (video)
3-sahifa
−
02 noyabr
13372Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida 38-umumta’lim maktabining direktori o‘quvchilarni ayovsiz kaltaklagani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi izoh berdi.
Qayd etilishicha, hodisaga aniqlik kiritish maqsadida viloyat MMTB mas’ullari tomonidan ishchi guruh tuzilib, tegishli tashkilotlar va huquq-tartibot idoralari hamkorligida o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, o‘rganish ishlariga yakunlariga ko‘ra batafsil ma’lumot berilishi rejalashtirilgan.
“Shu o‘rinda Andijon viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi zo‘ravonlikning har qanday turini keskin qoralagan holda, o‘qituvchi va o‘quvchi munosabatlarida pedagogik etika qoidalariga rioya etish zarur ekanligini ma’lum qiladi”, deyiladi boshqarma munosabatida.
Ma’lumot uchun, 2022 yilning iyul oyida vazir buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining ichki tartib va odob-axloq qoidalari”ga ko‘ra, o‘qituvchilar jamoa a’zolari va boshqalarning shaxsiyati, qadr-qimmati kamsitilishi, o‘quvchilarni dars mashg‘ulotlaridan asossiz chiqarib yuborish yoki kiritmasligi hamda chiqish qo‘ng‘irog‘i chalingandan keyin o‘quvchilarni sinfxonada ushlab o‘tirishi ham mumkin emas.
O‘quvchilar ichki tartib va odob-axloq qoidalarini buzgan taqdirda ularning qog‘oz yoki elektron kundaligiga tanbeh yozilishi, qoida buzilish holatlari takroran kuzatilganda esa o‘quvchini maktab ichki nazorat ro‘yxatiga olish va yakka tartibda shug‘ullanish, bu ham foyda bermasa, qoida buzgan o‘quvchini boshqa sinfga o‘tkazish, sinf jamoasi orasida muhokama qilish, ota-onasi (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar)ni maktabga taklif qilish belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatining Andijon shahridagi 5-sonli maktabda maktab direktori darsga kechikib kelgan o‘quvchi qizlarni o‘tirib-turish mashqi bilan jazolagandi.