Andijonda koronavirusdan ilk o‘lim qayd etildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda koronavirusdan navbatdagi ikki o‘lim holati qayd etildi. Shu tariqa rasman e’lon qilingan qurbonlar soni 94 nafarga yetdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Andijon viloyati Andijon shahrida yashagan 42 yoshli G‘.I. (erkak)da joriy yil 15 iyul kuni “COVID-19” tasdiqlangan va u viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Unga “COVID-19” infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, gipertoniya, qandli diabet, semizlikning 4-darajasi kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan. 

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi hamda o‘pka shishidan vafot etgan.

Yana bir bemor Toshkent shahri Olmazor tumanida yashagan 51 yoshli Z.S. (erkak) 17 iyul kuni IIV Markaziy gospitalining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan va 18 iyul kuni unda “COVID-19” tasdiqlangan.

Unga “COVID-19” infeksiyasining og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Bemorda kasallik o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi asorati bilan kechgan.

Shuningdek, unda yurak ishemik kasalligi, qandli diabetning o‘ta og‘ir kechishi, ikkala boldir arteriyalari okklyuziyasi, chap son yonbosh arteriyasi stenozi, surunkali pankreatit kabi hamroh xastaliklar bo‘lgan.

Bemorga mutaxassislar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar o‘tkazilgan, davolash jarayoni belgilangan standartlar asosida olib borilgan.

Asosiy kasallik asoratlari hisobiga bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, mutaxassislar tomonidan to‘liq hajmda, standart asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan u o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

86

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing