Andijonda xorijiy universitet faoliyati tashkil etiladi
Jamiyat
−
11 aprel 2019
4785O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 10 aprel kuni “O‘zbekistonda Sharda universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanalida xabar berildi.
Qarorga muvofiq, Andijon viloyatida tashkil etiladigan Universitetda o‘qitish O‘zbekistonning davlat ta’lim standartlari talablarini hisobga olgan holda Sharda universiteti (Hindiston Respublikasi) ta’lim dasturlari asosida ishlab chiqilgan o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha amalga oshiriladi.
Universitetda elektr muhandisligi, axborot texnologiyalari va kiberxavfsizlik, kompyuter tizimlariga xizmat ko‘rsatish, elektronika, kommunikatsiya injiniringi, biznes-menejment va talab yuqori bo‘lgan ta’limning boshqa yo‘nalishlarida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanadi.
Universitetda ta’lim faoliyati 2019–2020 o‘quv yilidan boshlanadi.
Abituriyentlar qabuli va Universitet bitiruvchilarini attestatsiyadan o‘tkazish muassis (“Sharda Educational Trust” ta’lim trasti) tomonidan belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi.
Universitetda ta’lim olish ingliz, o‘zbek, va rus tillarida kunduzgi shaklda, to‘lov-kontrakt asosida hamda Universitet bitiruvchilarining potensial ish beruvchilari – yuridik shaxslar tomonidan taqdim etiladigan ta’lim grantlari bo‘yicha, shuningdek, yoshlarning ta’lim olishi uchun avvalo mamlakat hududlari tomonidan ajratiladigan xayriya ehsonlar hisobiga amalga oshiriladi.
Universitetda ta’lim berish va o‘quv jarayonini tashkil etish uchun malakali xorijiy professor-o‘qituvchilar jalb etiladi.
Universitet bitiruvchilariga O‘zbekiston va Hindistonda oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida e’tirof etiladigan diplom beriladi.