Andijonda xalqaro terroristik tashkilot tarafdoriga sud hukmi o‘qildi
3-sahifa
−
30 iyul 6698 2 daqiqa
Andijon viloyatida 28 yoshli xalqaro terroristik tashkilot tarafdori 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, viloyatning Andijon tumanida yashovchi 1997 yilda tug‘ilgan fuqaro 2023 yildan boshlab “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkilotining media targ‘ibotchilari ta’siriga tushib, tashkilotning “hijrat” va “jihod” qilishga, “shahid” ketishga da’vat qiluvchi, diniy aqidaparastlikni targ‘ib qiluvchi g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlaydi, materiallarini ijtimoiy tarmoqdagi profillari orqali tarqatadi. XTT a’zolari bilan doimiy aloqaga kirishib, tashkilot safida “jihod” amalini bajarish orqali qurolli to‘qnashuvlar va terroristik harakatlarda ishtirok etishni rejalashtiradi.
Bundan tashqari ushbu fuqaro XTT a’zolariga bevosita moliyaviy yordam ko‘rsatish maqsadida muntazam ravishda pul mablag‘larini jo‘natadi. Xususan, 2023-2024 yillar davomida umumiy hisobda kriptovalyuta orqali 2912 AQSH dollari va bank kartalari orqali 4 mln 190 ming so‘m pul mablag‘i yuboradi.
Keyinchalik, 2023-2024 yillarda Suriyadagi terrorchilik faoliyatida ishtirok etish uchun Qirg‘iz Respublikasi orqali 2 marotaba Turkiya davlatiga boradi. Ammo Suriya davlatiga o‘tishni imkoni bo‘lmagach, XTT a’zosining ko‘rsatmasi bilan Afg‘onistonga borib, “Islom jihodi ittihodi” xalqaro terroristik tashkiloti safiga qo‘shilishni reja qiladi. Eron davlati orqali Afg‘onistonga o‘tishga uringan ushbu shaxsning rejasi oxiriga yetmay 2024 yilning noyabr oyida qo‘lga olinadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon tumani sudi tomonidan mazkur fuqaro Jinoyat Kodeksining 155-2-moddasi (Terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o‘quvdan o‘tish, chiqish yoki harakatlanish) 1-qismi, 155-3-moddasi (Terrorizmni moliyalashtirish) 2-qismi “a” bandi, 244-1-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi va 244-2-moddasi (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan shahrida “Islom davlati Xuroson viloyati” xalqaro terroristik tashkilotining yashirin “jamoati” fosh etilgandi. Xususan, guruhning 16 nafar a’zolarining yashash manzillari ko‘zdan kechirilib, 37 ta uyali aloqa vositalari, 51 dona nashriyoti ko‘rsatilmagan diniy adabiyotlar, 40 ta DVD disk, 4 ta flesh-karta hamda noutbuk va planshet ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Live
Barchasi