Asakadagi avtomobil zavodi yondimi? DYOXX Andijondagi yirik yong‘in haqida ma’lumot berdi (video)

Jamiyat

Ijtimoiy tarmoqlarda Asaka shahridagi avtomobil zavodi yonayotgani haqida xabar va videolar tarqaldi. Videoda katta ishlab chiqarish binosi olov ichida qolganini ko‘rish mumkin. Mazkur holatga aniqlik kiritish uchun Davlat yong‘in xavfsizlik xizmati Matbuot xizmati bilan bog‘landik. DYOXX Asakadagi zavod yonganini rad qildi va yong‘in aslida qayerda sodir bo‘lgani haqida ma’lumot berdi.

Kecha, 25 oktyabr kuni Andijon shahridagi “Dinar Textile” MCHJning ishlab chiqarish sexida yirik yong‘in sodir bo‘lgan. Yong‘in haqida soat 23:36 da Andijon shahri Soy ko‘chasi 5-uyda joylashgan Kichik sanoat zonasi hududidagi sexlarda yong‘in sodir bo‘layotganligi haqida yong‘in-qutqaruv xizmatiga xabar kelib tushgan.

Xabar asosida yong‘inni bartaraf etilishiga 18 ta texnika jalb etilgan, shulardan 16 tasi avtotsisternalar, 2 tasi maxsus yong‘in o‘chirish avtomobillari, viloyat FVB Qutqaruv guruhi, “Andijonchiroq” AJdan 1 ta qo‘shimcha avtomobil va Andijon shahar Obodonlashtirish boshqarmasining 4 ta suv tashuvchi avtomobillari.

1

Birinchi bo‘linmalar voqea joyiga yetib borganda, “Dinar Textile” MCHJga qarashli ishlab chiqarish sexning tom qismi ochiq alanga bilan yonayotganligi ma’lum bo‘lgan. Ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida yong‘in soat 00:30 da o‘rab olinib, 02:45 da bartaraf etilgan. Yong‘in oqibatida “Dinar Textile” MCHJga qarashli quritish, matoga ishlov berish, mahsulotlarni saqlash ombori va bo‘yoqlash sexlarining hamda jamiyat ma’muriy binosining tomi va ichki qismlari taxminan 1500 kv metr maydonda yonib zararlangan.

Андижондаги цехлардан бирида ёнғин содир бўлди

Achinarlisi, “Dinar Textile” MCHJning ma’muriy binosining 3-qavatida yong‘inni o‘chirishga jalb etilgan Andijon viloyati Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi 1-sonli Kasbiylashtirilgan yong‘in xavfsizligi qismi navbatchilik smenalari yong‘in o‘chirish ekipaji bo‘linma komandiri J.N. 2-qavatga tushib ketishi natijasida tan jarohati olgan. Unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, RSHTYOIM Andijon filialiga olib borilgan va ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan vafot etgan.

Yong‘indan ishlab chiqarish sexining taxminan 1200 kv. metr maydoni saqlab qolingan. Yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda. Yong‘in holati yuzasidan Andijon shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

yong'in Andijon

Baholaganlar

374

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing