Andijonda qizlar yigit talashib janjallashdi (video)
3-sahifa
−
04 noyabr
21102Joriy yil 3 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda o‘smir qizlar janjali aks etgan video tarqalgandi. Mazkur holat yuzasidan Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani hokimligi munosabat bildirdi.
Aniqlanishicha, joriy yil 2 noyabr kuni soat taxminan 13:00 lar atrofida 16 yoshli Xo‘jaobod tumani “Mustaqillikning 27 yilligi” MFYda yashovchi D.R. singlisi 14 yoshli R.X. dugonalari bilan urishganini eshitgan. Shundan so‘ng, u shu mahalladagi Obod ko‘chasiga borgan va singlisini dugonasi M. bilan R. ismli qizlar urishayotgan holatni o‘zining uyali telefoniga videotasvirga olib, Instagram tarmog‘idagi sahifasiga joylashtirgan.
Qayd etilishicha, M.M. ismli qiz o‘zining Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasi orqali tanishgan yigiti bilan R.I. ismli qizning ijtimoiy tarmoq orqali gaplashib qo‘ygani sababli telefonda janjallashib ketgan. Shunga ko‘ra, ular ko‘rishib gaplashib olmoqchi bo‘lgan va o‘zlari bilan birga sinfdoshlarini yetaklab borgan. Oqibatda qizlar o‘rtasidagi janjal urushga aylanib ketgan.
“Yuqoridagi holat bo‘yicha barcha gumonlanuvchilar aniqlanib, Xo‘jaobod tumani IIB Navbatchilik qismi “Ye-material” bazasidan ro‘yxatdan o‘tkazilib, Xo‘jaobod tumani IIB mas’ul xodimlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahri Yangihayot tumanida o‘quvchi qiz qurilish ob’ektida mish-mish sabab boshqa qizlar tomonidan “samosud” qilingan edi.