Andijonda qarindoshining Nexia’sini ijaraga olgan shaxs mashinani sotib yubordi
3-sahifa
−
30 mart
8038Andijon viloyati Marhamat tumanida ijaraga olingan Nexia DOHC rusumli avtomobil sotib yuborilgani aniqlandi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi axborot xizmati rahbari Farrux Toshpo‘latov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Bildirilishicha, Marhamat tumanida yashovchi E.A. (ayol) qarindoshi X.A.ga o‘ziga tegishli bo‘lgan Nexia DOHC rusumli avtomashinasini ijaraga bergan. Biroq, bir muddat o‘tgach mashinaning ijara to‘lovlari to‘lanmagan va ayol o‘z mashinasini qaytarib ham ololmagan.
Shundan so‘ng, E.A. sudga murojaat qilib, mulkini noqonuniy egalikdan talab qilib olish bo‘yicha ariza kiritgan.
Sudning qaroriga binoan, X.A.dan Nexia DOHC rusumli avtomashina E.A.ning egaligiga olib berilishi belgilanadi. Majburiy ijro byurosining Marhamat tuman bo‘limi tomonidan sud qarori ijrosi yuzasidan avtomashinaga nisbatan qidiruv e’lon qilinadi.
Bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan olib borilgan ijro harakatlari davomida X.A. avtomashinani boshqa bir shaxsga sotib yuborgani ma’lum bo‘lgan. To‘plangan ma’lumotlarga asosan qidiruv harakatlari davom ettirilib, E.A.ga tegishli Nexia DOHC rusumli avtomashina Andijon sharidan topib keltirilib, o‘z egasiga topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namanganda PUBG hisobini sotib olmoqchi bo‘lgan yigit chuv tushgan edi.