Andijonda aholiga beriladigan propan gaz erkin narxlarda sotiladi
Jamiyat
−
17:29 461 3 daqiqa
Andijon viloyatida suyultirilgan gazni aholiga erkin narxlarda sotish bo‘yicha xususiy kompaniyalar ishtirokida pilot loyiha amalga oshiriladi. Bu haqda Energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev joriy yilning 7 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga suyultirilgan gaz bo‘yicha qilingan takliflar taqdimotidan “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, loyiha doirasida “Hududgazta’minot” bilan bir qatorda kamida ikkita xususiy tadbirkorga suyultirilgan gazni aholiga erkin narxlarda sotish imkoniyati yaratiladi. Buning uchun tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida ayrim qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish kiritish ko‘zda tutilmoqda.
“Hozirgi kunda tadbirkorlik sub’ektlari yoki aholining belgilangan normadan ortiqcha suyultirilgan gaz iste’mol qilishga ehtiyoji bo‘lsa, o‘z shaxsiy avtomobillarida gaz to‘ldirish shoxobchalariga borib, ballonlarni to‘ldirib, tashib olib kelishyapti. Lekin bu aslida noqonuniy, noto‘g‘ri va xavfli harakat hisoblanadi”, deydi Sherzod Xo‘jayev.
Vazirning aytishicha, kelgusida aholini gaz ballonlari bilan ta’minlash tizimini yanada qulaylashtirish maqsadida har bir mahallada suyultirilgan gaz ballonlarini yetkazib beruvchi shoxobchalar tashkil etilishi mumkin.
“Kerak bo‘lsa, har bir mahallada shunday suyultirilgan gaz ballonlari bilan ta’minlaydigan shoxobcha ochish, ushbu shoxobchalarga qo‘yiladigan texnik talablarni zamon talablaridan kelib chiqqan holda qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi”, deydi vazir.
Sherzod Xo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, sohada xususiy tadbirkorlarning ishtirok etishi raqobatni kuchaytiradi. Bu esa iste’molchilarga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatining oshishiga olib kelishi kutilmoqda.
“Raqobatli muhitda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar albatta o‘z ustida ishlaydi. Topshiriqlardan biri – zamonaviy, masalan, gaz ballonlaridan foydalanish”, dedi u.
Shuningdek, suyultirilgan gaz buyurtma qilish va uni xonadonga yetkazib berish imkonini beruvchi mobil ilovani ishga tushirish rejalashtirilmoqda. U orqali iste’molchilar o‘zlariga kerakli vaqt va hajmni tanlab, gazga buyurtma berishi mumkin bo‘ladi.
“Mobil ilova ishga tushiriladi. Mobil ilova orqali iste’molchilar o‘zi xohlagan vaqtda, o‘zi xohlagan hajmda buyurtma berib, aytilgan vaqtda uyiga olib kelib berishni so‘raydi”, dedi Sherzod Xo‘jayev.
Ayni paytda “Hududgazta’minot” tomonidan yetkazib beriladigan gaz ballonining sig‘imi 20 kilogrammni tashkil etadi. Yangi tartibda tadbirkorlik sub’ektlariga ushbu ballonlarni cheklovlarsiz sotish huquqi berilishi ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, tadbirkorlar tomonidan import qilingan suyultirilgan gazni aholiga sotishdan tashqari, ortib qolgan qismini ham hech qanday cheklovlarsiz o‘z ixtiyoriga ko‘ra sotish imkoniyati yaratiladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev suyultirilgan gaz yetkazib berish grafigini qat’iy yo‘lga qo‘yish, hisob-kitoblarni raqamlashtirish va aholi uchun ta’minotda shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Shuningdek, aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish uchun “Hududgazta’minot” ta’sischiligida “LPG-Trade” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil etish taklif qilingan.
Live
Barchasi