Andijon viloyati XTB boshlig‘i ham qo‘lga olindi
Jamiyat
−
08 iyun 2022
18879Andijon viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirkomilov kecha, 7 iyun kuni qo‘lga olindi. U Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov bilan birga 48 mlrd so‘m byudjet mablag‘larini talon-taroj qilish holati bo‘yicha gumondorlar sifatida ko‘rilmoqda.
Xalq ta’limi vazirligi Matbuot kotibi QALAMPIR.UZ’ga Azizbek Mirkomilov hibsga olinganini va tez orada rasmiy axborot berilishini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 iyun kuni Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov hibsga olindi. U jinoiy sheriklari bilan 48 mlrd so‘m byudjet mablag‘larini talon-toroj qilganlikda ayblanmoqda.
Aytish joizki, dastlab Bahrom Haydarov davlat manfaatlariga 1 mlrd 779 mln so‘m zarar yetkazishda gumonlangandi. Andijon shahar prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan jinoyat ishi doirasida joriy yilning 3 fevral kuni deputat va hokimni tergovga jalb qilish maqsadida Andijon viloyati prokuraturasiga taqdimnoma kiritilgan.
Dastlabki tergov harakatlari davomida Bahrom Haydarov hokimiyat huzuridagi Yer maydonlarini ajratish bo‘yicha doimiy ishlovchi maxsus komissiya a’zolari bilan guruhda Yer kodeksining 17, 23, 62-moddalari, qolaversa, Prezident hamda Vazirlar Mahkamasining qaror hamda farmoyishlariga zid ravishda jismoniy va yuridik shaxslarga auksion orqali o‘zining vakolatidan qasddan foydalanib, yer maydonlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratilishi haqida mutasaddi mansabdorlarga ko‘rsatma bergani aniqlangan.
Hokim aslida bekor qilingan hujjatlarni asos qilib ko‘rsatgan holda, komissiya dalolatnomalari va yer ajratish to‘g‘risidagi qarorlariga soxta ma’lumotlar va yozuvlar kiritib, 2019-2020 yillarda yer maydonlarini ajratish to‘g‘risidagi qaror va farmoyishlarni qabul qilgan.
Keyinroq Bosh prokuratura Bahrom Haydarov Andijon shahar moliya bo‘limida ishlagan vaqtida 48 mlrd mablag‘larni talon-toroj qilishda gumonlanayotganini ma’lum qildi. Bosh prokuratura tomonidan olib borilayotgan tergov ishida 37 nafar shaxs ayblanib ulardan 32 nafari hibsga olingan.
LiveBarchasi