Ana xolos! O‘zbekistonliklar 174 mlrd so‘mga avtoraqam sotib oldi
Jamiyat
−
28 iyul 2022
11171Joriy yilning olti oyida o‘zbekistonliklar 174 mlrd so‘mlik avtomobil raqamlarini auksion savdolar orqali sotib olgan. Bu haqda Tovar-xomashyo birjasi Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, birjaning avtoraqam.uzex.uz savdo tizimida 174 mlrd so‘mlik 77 mingdan ziyod avtoraqamlar shaffof onlayn-auksionlar orqali sotilgan. Avtoraqamlarning sotuvi son jihatdan 10 foizga, hajmi bo‘yicha 27 foizga o‘sgan.
Tuzilgan bitta bitimning o‘rtacha qiymati 2,2 mln so‘mni tashkil etgan. Sotilgan avtoraqamlarning 93 foizi jismoniy shaxslar, 7 foizi yuridik shaxslar tomonidan xarid qilingan. Sotilgan avtoraqamlarning eng past bahosi 545,4 ming so‘mni, eng qimmat avtoraqamning qiymati esa 348 mln so‘mni tashkil qildi.
“Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning 29 foizi birinchi toifadagi avtoraqamlar, 22 foizi – ikkinchi, 13 foizi – uchinchi, 9 foizi – to‘rtinchi, 12 foizi – beshinchi va 15 foizi – oltinchi toifa avtoraqamlarga to‘g‘ri kelgan”, deyiladi xabarda.
Hududlar kesimida eng ko‘p avtoraqamlar Toshkent shahri va Toshkent viloyati (45 foiz), Samarqand (8 foiz), Buxoro, Farg‘ona va Qashqadaryo (6 foizdan) viloyatlarida xarid qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avtoraqamlarni onlayn-auksionlarda sotilishidan kelib tushgan mablag‘larning 80 foizi – O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga, 20 foizi – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va boshqa xarajatlar Maxsus jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.
LiveBarchasi