Samarqandda mashinasiga boshqa avtoraqamni taqib 76 marta qoida buzgan haydovchi ushlandi
3-sahifa
−
05 Oktabr
6891Samarqand viloyatida mashinasiga boshqa avtotransport vositasining davlat raqamini taqib yurgan haydovchi aniqlandi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, haydovchi Lacetti mashinasiga Damas rusumli avtomobilga berilgan davlat raqamini taqib olgan va yo‘llarda ko‘p marotaba tezlik qoidalarini buzgan. Xususan, avtomobil egasi 2024 yilning yanvar oyidan shu paytga qadar jami 76 marta mashina tezligini belgilangan me’yordan oshirgani radar qurilmalariga qayd etilgan. Viloyat IIB YHXB tomonidan haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Qarzdorlikni undirish maqsadida Lacetti vaqtincha jarima maydonchasiga joylashtirilgan. Qayd etilishicha, jarimalarning jami miqdori taxminan 50 million so‘m atrofida bo‘lgan.
Haydovchidan nega bunday qilgani so‘ralganda, u radardan qochish uchun boshqa raqam taqib harakatlanganini aytgan.
“Radardan qochish uchun mashinamga boshqa avtoraqamni taqib olgan edim. Endi yo‘q joydan 50 million so‘m jarima to‘laydigan bo‘ldim. Maktablar oldidan o‘tayotganda avtomobil tezligini me’yoridan oshirmaslikni tavsiya qilaman”, degan haydovchi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanida jami 82 ta qoidabuzarlik sodir etgan fuqarodan salkam 34 million so‘m ma’muriy jarima qarzdorliklari undirilgandi. Haydovchi o‘zining Honda Elysion rusumli avtomashinasida belgilangan tezlikdan yuqori harakatlangan. Shu sababdan avtomashina jarima maydoniga joylashtirilgan. Fuqaroning to‘lashi kerak bo‘lgan summa miqdori 33 million 66 ming 690 so‘mni tashkil etgan va MIB xodimlari yordamida undirilgan.
LiveBarchasi