Amsterdamda XIX asrga oid cherkov yonib ketdi (video)

Olam

image

Yangi yil kechasida Niderlandiyaning Amsterdam shahrida Vondelkerk nomli tarixiy cherkov yirik yong‘in oqibatida deyarli butunlay vayron bo‘ldi. Bu haqda NH Nieuws xabar berdi.

Nashrning yozishicha, yong‘in cherkovning yuqori qismida 1 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan taxminan soat 01:00 da boshlangan. Yong‘in sabablari hozircha aniqlanmagan. Bino deyarli to‘liq yonib ketgan, faqat devorlari saqlanib qolgan. Dastlab qutqaruvchilar cherkov qulab tushishidan xavotir bildirgan, biroq muhandislar konstruksiya barqarorligini tasdiqlagan.

Yong‘in sababli cherkov joylashgan Amsterdam hududida xavfsizlik choralari joriy etilgan. Atrofdagi barcha ko‘chalar yopilgan. Sharq tomonga tarqalgan uchqunlar va tutun tufayli yaqin atrofdagi bir necha o‘nlab uylar aholisi evakuatsiya qilingan. Shuningdek, o‘t o‘chiruvchilarning ishlashi uchun taxminan 90 ta uyda elektr energiyasi vaqtincha o‘chirilgan. Evakuatsiya qilingan aholi yaqin do‘konlardan biriga joylashtirilgan.

O‘t o‘chiruvchilar bino kattaligi va kuchli shamol tufayli jiddiy qiyinchiliklarga duch kelgan. Yong‘inning tez tarqalishi va qulash xavfi sababli cherkov faqat tashqi tomondan o‘chirilgan, suv esa qo‘shni Vondelparkdan olingan. Hokimiyat aholiga kuchli tutun haqida ogohlantirish yuborib, deraza va eshiklarni yopishni tavsiya qilgan. Amsterdam meri Femke Xalsema yong‘inni “juda kuchli va dahshatli” deb atagan.

Ma’lumot uchun, Vondelkerk nomli neogotik cherkov 1872–1880 yillarda mashhur me’mor Per Keypers loyihasi asosida qurilgan. U Amsterdam Markaziy vokzali va Reyksmuzey muallifi hisoblanadi. Cherkov mamlakat adabiyotining “oltin asri” vakili bo‘lgan shoir Yost van den Vondel nomi bilan atalgan. 1970 yillardan buyon bino ibodat uchun foydalanilmagan, balki ko‘rgazmalar, konsertlar va jamoat tadbirlari o‘tkaziladigan maydon vazifasini bajargan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shveysariyaning Kran-Montana shahrida (Vale kantoni) Yangi yil kechasida barda portlash va yong‘in sodir bo‘lgandi. Hodisa oqibatida bir necha kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar jarohat olgan.


Maqola muallifi

Teglar

yong'in Amsterdam cherkov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing