Amerikani “portlatgan” qotillik: Jorj Floydni o‘ldirgan politsiyachiga hukm o‘qildi

Olam

image

Sud afro-amerikalik Jorj Floydning qotilligida aybdor deb topilgan Minneapolis sobiq politsiyachisi Derek Shovinni 22,5 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Bu haqda “Interfaks” AQSH ommaviy  axborot vositalariga tayanib xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, prokuratura sudyadan Shovinni 30 yilga ozodlikdan mahrum etishni so‘ragan va uning xatti-harakatlari ochiqchasiga millat ongini larzaga solganini ta’kidlagan.

Sud jarayonida Floydning qarindoshlari, xususan, uning qizi ham ishtirok etgan. Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki kecha, 25 iyun kuni bo‘lib o‘tgan brifingda AQSH ma’muriyati sud jarayonini kuzatayotganini aytgandi.

Ma’lumot uchun, joriy yil aprel oyida Shovin uch bandda, jumladan, ikkinchi va uchinchi darajali qotillikda aybdor deb topildi. Shundan so‘ng, u Ok-Park-Xaytsdagi bir kishilik kameraga jo‘natildi. U kamida 40 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkinligi aytilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 46 yoshli Jorj Floyd Minneapolisdagi do‘kon oldida hibsga olish paytida Shovin tizzasini uning bo‘yniga bosib turganidan so‘ng vafot etdi. Hibsga olish paytidagi qotillik vaqtida Floyd quyidagi so‘zlarni bir necha bor takrorlaydi: “Men nafas ololmayapman”. 

U hushsiz holda kasalxonaga olib borilgan va u yerda vafot etgani tasdiqlangan. Shundan so‘ng, politsiya shafqatsizligiga qarshi norozilik namoyishlari Minneapolisni, keyin Amerikaning boshqa shaharlarini qamrab olgan va hatto, AQSH tashqarisiga ham tarqalgan. Bir qator shaharlarda norozilik namoyishlari tartibsizliklarga, buzg‘unchilik harakatlariga, do‘konlarni yoqish va talon-toroj qilishga, huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan to‘qnashuvlarga olib kelgan.


Maqola muallifi

Teglar

Floyd

Baholaganlar

712

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing