Amerikaliklar narx oshib ketishidan qo‘rqib, ommaviy iPhone sotib olmoqda
Texnologiya
−
08 aprel
4824AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati tomonidan yangi bojlar joriy etilishi Apple aksiyalarining tushishiga va bir vaqtning o‘zida iPhone’ga bo‘lgan talabning keskin oshishiga sabab bo‘ldi. Xaridorlar Apple mahsulotlari ishlab chiqariladigan Xitoy tovarlariga 54 foizlik boj joriy etilishi ortidan narxlar keskin ko‘tarilishidan cho‘chib, kompaniya do‘konlariga oqib bormoqda. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, AQSHdagi Apple xodimlari o‘tgan dam olish kunlari mijozlar soni keskin oshganini tasdiqlagan. Deyarli har bir xaridor “iPhone narxi yaqin kunlarda oshadimi”, deb so‘ragan. Yangi modellarning savdosi boshlangan paytlardagidek navbatlar bo‘lmagan bo‘lsa-da, muhit tarang bo‘lgan. Tashvishga tushgan xaridorlar Apple qurilmalarini ommaviy ravishda sotib olgan, oqibatda kompaniyaning shu hafta oxiridagi daromadi so‘nggi yillardagi shu fasldagidan yuqori bo‘lgan. Apple esa vaziyat yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan.
Ma’lumot uchun, atigi ikki kun ichida Apple’ning kapitalizatsiyasi yarim trillion dollarga kamaygan, aksiyalari esa 2001 yildan beri eng katta pasayishni boshdan kechirgan. Kompaniya esa zarbani yumshatish uchun harakat qilmoqda – ishlab chiqarish zaxiralarini oshirmoqda va ishlab chiqarishning bir qismini Xitoydan Hindiston va Vetnamga ko‘chirmoqda. Bu yerda bojlar pastroq. Apple faqat iPhone emas, balki Apple Watch, Mac, AirPods va iPad'ni ham Xitoyda ishlab chiqargan. Ayrim Mac modellari esa hozirda Irlandiya, Tailand va Malayziyada yig‘iladi.
Tahlilchilar fikriga ko‘ra, iPhone narxi sezilarli darajada oshishi mumkin, ammo Apple bu borada yetkazib beruvchilarga bosim o‘tkazib, o‘z foydasidan voz kechishi evaziga narxlarni saqlab qolishga harakat qiladi. Hozirda Apple flagmanlarining boshlang‘ich narxi 2017 yildan beri 999 dollar darajasida qolmoqda.
Apple bosh direktori Tim Kuk va moliyaviy direktor Kevan Parex 1 may kuni ikkinchi chorak moliyaviy hisobotini taqdim etishi kutilmoqda. Unda bojlar mavzusi ham ko‘tarilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp tomonidan joriy etilgan yangi import bojlari kuchga kirishidan oldin, mart oyining oxirida uch kun ichida Hindistondan AQSHga iPhone va boshqa mahsulotlar bilan to‘ldirilgan beshta yuk samolyotini yuborgani xabar qilingan edi. Apple bu harakati bilan kompaniyaning AQSHdagi omborlarida bir necha oyga yetadigan mahsulot zaxirasini to‘ldirgan. Bu esa mahsulot narxlarini vaqtincha oshirmaslikka yordam beradi.
LiveBarchasi