Amerikaliklar Eronga tahdid qilsa, biz ham ularga tahdid qilamiz – Xomanaiy

Olam

image

Agar amerikaliklar Eronga tahdid qilsa, Eron ham ularga qarshi tahdid qiladi. Bu haqda bugun, 7 fevral kuni Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy armiya havo kuchlari va mudofaa qo‘mondonlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda so‘z ochdi.  

Ma’lum qilinishicha, u o‘z nutqi davomida mamlakat xavfsizligi, Eron va AQSH o‘rtasidagi munosabatlar haqida gapirgan.

“Agar amerikaliklar bizga tahdid qilsa, biz ham ularga tahdid qilamiz. Agar amerikaliklar Eron xalqi xavfsizligiga hujum qilsa, biz ikkilanmasdan, bunga qarshi choralar ko‘ramiz”, degan Eron oliy rahbari.

Shuningdek, Xomanaiy Eron AQSH bilan hech qanday muzokara olib bormasligi kerakligini ta’kidlagan. Mamlakat oliy rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Vashington Tehronni yadroviy kelishuv shartlarini bajarmay, uni bir tomonlama bekor qilib, bir marta aldagan.

“AQSH bilan muzokaralar mamlakat muammolarini hal qilishga ta’sir qilmaydi. Biz buni to‘g‘ri tushunishimiz va ushbu hukumat bilan muzokara stoliga o‘tirish orqali muayyan muammolarni hal qilamiz, deb o‘ylamasligimiz, adashmasligimiz kerak. Qo‘shma Shtatlar bilan muzokaralar hech qanday muammoni hal qilmaydi“, degan u.

Qolaversa, Xomanaiy AQSH rasmiylari dunyo xaritasini qog‘ozda o‘zgartirayotganini, ammo buning voqelikka hech qanday aloqasi yo‘qligini qo‘shimcha qilgan.

Ma’lumot uchun, 4 fevral kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp milliy xavfsizlik memorandumini imzolagan va u Eron yadro dasturiga “maksimal bosim” o‘tkazishini aytgan edi. Uning qayd etishicha, Vashington Tehronning yadro quroliga ega bo‘lishiga va uni yaratishiga ruxsat bera olmaydi. 

Islom Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Trampning yadroviy qurol ishlab chiqarishdan qo‘rqishini asossiz deb atadi, chunki mamlakat Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaga sodiqdir. Qolaversa, Eronda bu faoliyatga diniy taqiq qo‘yilgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Tashqi ishlar vazirligi so‘zlovchisi Ismoil Bagay AQSH Moliya vazirligining Eron neftini Xitoyga yetkazib berishga yordam bergan shaxslar, yuridik shaxslar va kemalarga nisbatan sanksiyalar joriy etish haqidagi qarorini keskin qoralagandi. U AQSHning Eron neft sanoatiga qarshi yangi sanksiyalarini mutlaqo asossiz va xalqaro qoidalar hamda standartlarga zid deb atagan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Vashington Oyatulloh Ali Xomanaiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing