“Amerika ovozi” va “Ozodlik” radiosi Trampning farmoni tufayli faoliyatini to‘xtatdi
Olam
−
16 mart
5722Bugun, 16 mart kunidan boshlab “Amerika ovozi” va “Ozodlik radiosi” o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Bu haqda “Ozodlik radio”sining X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berildi.
Qayd etilishicha, “Amerika ovozi” vakillari 1,3 mingdan ortiq jurnalist, prodyuser va radio xodimlari ta’tilga chiqarilgani haqida elektron xat olgan.
“Afsonaviy “Amerika ovozi” 83 yil ichida birinchi marta ovozini o‘chirganidan chuqur qayg‘udaman. U butun dunyo bo‘ylab erkinlik va demokratiya uchun kurashda muhim rol o‘ynagan”, deb yozgan uning direktori Maykl Abramovits.
AQSH Global media agentligi (USAGM) nafaqat “Amerika ovozi”ni, balki “Ozodlik radiosi” va “Ozod Osiyo radiosi”ni moliyalashtirishni to‘xtatgan.
Ma’lumot uchun, “Amerika ovozi” radiosi 1942 yilda Germaniya targ‘ibotiga qarshi kurashish uchun tashkil etilgan. “Ozodlik” radiosi 1950 yildan beri ishlaydi, u Sharqiy Yevropaning kommunistik mamlakatlarida, 1953 yildan esa SSSRda ham efirga uzatila boshlangan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 15 mart kuni Donald Tramp “Ozodlik” radiosi va “Amerika ovozi” nashrlari, shuningdek, yana olti federal agentlik faoliyatini nazorat qiladigan AQSH Global media agentligini (USAGM) tugatish to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi. Ushbu idoralar rahbarlari 21 martga qadar Oq uyning Byudjet boshqarmasiga farmon talablarining to‘liq bajarilishi bo‘yicha hisobot taqdim etishi lozim.
LiveBarchasi