“Amerika ovozi” Tramp ma’muriyatini sudga berdi

Olam

image

“Amerika ovozi” radiostansiyasi xodimlari AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyatini Amerika global media agentligi (USAGM) faoliyatini qisqartirish qarori tufayli sudga berdi. Bu haqda “The Washington Post” xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, olti nafar jurnalist Prezident farmonini bekor qilishni talab qilib, Nyu-York shtati janubiy okrugi sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan. Da’voga “Chegara bilmas muxbirlar” nodavlat tashkiloti va to‘rtta kasaba uyushmasi tashkiloti vakillari ham qo‘shilgan.

Jurnalistlarning ta’kidlashicha, da’vo arizasini topshirishga “AQSH konstitutsiyasining so‘z erkinligi to‘g‘risidagi 1-tuzatishini buzish va jurnalistikaga zarba berish” sabab bo‘lgan.

Joriy yilning 14 mart kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp yettita federal agentlikdagi xodimlarni keng ko‘lamli qisqartirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Ular orasida “Ozodlik radiosi” faoliyatini nazorat qiluvchi AQSH Global media agentligi (USAGM) va “Amerika ovozi” ham bor edi.

Oradan ikki kun o‘tib, “The Washington Post” nashri “Amerika ovozi” direktori Maykl Abramovichga tayanib, ushbu radiostansiya faoliyati to‘xtatilgani haqida xabar berdi. Shu fonda OAV rahbariyati 1,3 mingdan ortiq xodimni majburiy ta’tilga chiqarishga majbur bo‘ldi. “Reuters”  ma’lumotlariga ko‘ra, “Ozodlik radiosi” ham xuddi shunday vaziyatga tushgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Ozodlik radiosi” AQSH Global media agentligi (USAGM) va uning ikki amaldoriga qarshi da’vo qo‘zg‘atgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Amerika ovozi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing