Kurs UZS

USD

12 938.11

18.11

EUR

14 076.66

-25.52

RUB

149.99

0.47

O‘zJOKU rektori “Ozodlik” radiosining yopilishini yoqlab chiqdi (video)

Jamiyat

image

Yaqinda AQSH Prezidenti Donald Tramp USAID tashkiloti faoliyatini uch oyga to‘xtatib turishini ma’lum qilgandi. Bundan tashqari, Ilon Mask ham “Amerika ovozi” va “Ozodlik” radiosining yopilishini aytib o‘tdi. Bu ikki xalqaro ommaviy axborot vositasining o‘zbek xizmati ham mavjud.  O‘zbekistonda jurnalistlar tayyorlashga ixtisoslashgan yagona universitet – Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja  “Amerika ovozi” va “Ozodlik radiosi”ning yopilishini qo‘llab chiqdi. 

“Mana, bizga qo‘shni bo‘lgan Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov ham o‘z fikrlarini bildirganlar. Ular aytadilarki, Amerika Qo‘shma Shtatlarida pullarni samarasiz ishlatish to‘xtatilsin. Kecha buni internetda o‘qidim. Xususan, bugungi kunda “Ozodlik” yoki “Amerika ovozi”ga ehtiyoj yo‘q. Chunki bugun internet mavjud. Ilgari ular paydo bo‘lganida internet yo‘q edi. Bugungi kunda dunyoda boshqa tartib boshlanganini alohida ta’kidlashni istardim.

Savolingizga keyinroq javob beraman. Birinchisi, 1942 yilda “Amerika ovozi” tashkil etilgan va 1950 yilda “Ozodlik” radiostansiyasi paydo bo‘lgan. O‘sha paytda, ya’ni 1942 yilda, natsizmga qarshi, irqchilikka qarshi kurash ramzi sifatida yaratilgandi ular. 50-yillarda “Ozodlik” radiostansiyasi tashkil qilinganda dunyo qutblarga bo‘lingan edi. SSSR parchalangandan keyin bu qutblar o‘zgardi. Bugungi kunda ba’zi ommaviy axborot vositalari, Sadir Japarov aytganidek,  boshqa mamlakatlarga ta’sir qilishi, ularga propaganda qilayotganini ko‘ryapmiz. Chunki bu ikki radiostansiya o‘z vaqtida propaganda sifatida ochilgan edi. Bugungi kunda esa propagandaga o‘rin yo‘q. Shuning uchun, menimcha, bu to‘g‘ri fikr, chunki bugungi o‘zgaruvchan zamonda 1991 yildan keyin yangi reallikda yashayapmiz”, dedi Qudratxo‘ja. 

Shuningdek, u o‘z fikrini bugungi tahdidlar avvalgidan ham xavfliroq ekani bilan dastaklashga uringan. Uning o‘ylashicha, O‘zbekiston so‘nggi yetti yilda haqiqatdan ham ochiq-oydin jamiyat qurish, demokratik jamiyat qurish yo‘lida qadam tashlagan. 

“Men o‘zim eslayman, “Xalqaro press klub” o‘z faoliyatini muzyorar sifatida, tanqidiy dasturlar tayyorlash va juda ko‘p tanqidiy chiqishlar qilish bilan boshlagan. 

Bugungi kunda O‘zbekistonda juda ko‘p medialar bor, juda ko‘p jurnalistlar bor, va juda ko‘p ommaviy axborot vositalari bor. Ularning faoliyati “Ozodlik” , “Amerika ovozi” yoki boshqalardan kam emas. Shunday ekan, men nega Amerika Prezidentining gapiga qarshi chiqishim kerak? Nega Ilon Maskning fikri menga yoqmasligi kerak? Yoqadi, albatta. Bu bizda amaldagi hokimiyatga nisbatan sun’iy ravishda juda katta negativ muhit hosil qilmoqda. Qanaqadir surishtiruvlar olib borib, asossiz faktlar va feyklarga asoslangan dalillarni qo‘lga dastak qilib, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan jihatlar mavjud. Bu esa mamlakat ichidagi o‘zaro totuvlik, o‘zaro hamjihatlik va bunyodkorlikka zarar yetkazish uchun urinishlarga sabab bo‘lmoqda. O‘ylaymanki, bugungi kunda media bunday holatlarga o‘z munosabatini bildirishi kerak”, degan rektor. 

Ammo u “Amerika ovozi” va “Ozodlik radiosi”ning o‘zi aytolmaydigan gaplarni aytishini tan olgan. Shunday bo‘lsa-da, Jurnalistika universiteti rektori ularni odamlarni provokatsiya qilishda ayblagan.

“Men hatto o‘ylaymanki, biz ba’zida anchadan beri aytolmay yurgan gaplarni ular aytdi. Biz bugun haqiqatni ularning nuqtai nazariga asoslanib qabul qilyapmiz. Lekin men o‘zim “Ozodlik”ga bergan intervyularimdan ham sezamanki, nimagadir ular O‘zbekiston yoki boshqa davlatlarni faqat bir yoqlama tanqid, faqat qandaydir provokatsiyalar bilan munosabatda bo‘lishadi. 

Nimagadir qaysidir qatlamga yoqish uchunmi yoki odamlar ichida nizo keltirib chiqarish uchunmi, odamlar ichida norozilik kayfiyatini uyg‘otish uchunmi, turli mavzularni targ‘ib qilishadi va sizga beriladigan savollarda doim negativ javoblarni ko‘tarishadi. Men jurnalistik professor sifatida, olim sifatida buni yaxshi tushunaman. Chunki men bekorga buni propaganda demadim. Bu ommaviy axborot vositasi emas, bir paytlar balki bular kerak bo‘lgan. Lekin bugun SSSR yo‘q, bugun biz boshqa davrda yashayapmiz”, degan u. 

Qudratxo‘janing fikricha, bugun O‘zbekistonda boshqa xorijiy medialarga ehtiyoj yo‘q, chunki O‘zbekistondagi medialar allaqachon rivojlanib ketgan.

“Biz demokratiyaga albatta intilamiz. Konstitutsiyada yozilgan demokratik, ijtimoiy, huquqiy, suveren davlat qurishdan – biz o‘zimiz manfaatdormiz va bu borada O‘zbekiston o‘zini kuchaytiradi. 

Lekin ba’zi narsalarga, xususan o‘sha LGBT g‘oyalariga, xususan o‘ta so‘l bo‘lgan, yoki qandaydir provokatsion xarakterga ega bo‘lgan narsalarni davlatlar ichida, boshqa davlatlar nazarida o‘ziga mos kelmaydigan xarakterda ko‘rib chiqish mamlakatlar ichki hayotiga aralashuv deb o‘ylayman va bu noto‘g‘ri. 

Chunki biz bugun perovizm davridagi kolonial davlat emasmiz. O‘zbekiston juda katta tarixga ega davlatdir. O‘zbekiston o‘zining demokratiya maktabini qurmoqda, O‘zbekistonda so‘nggi uch to‘rt yilda juda katta o‘zgarishlar bo‘ldi va O‘zbekiston bu yo‘lni foydali deb hisoblaydi. Biz bu demokratiyani Amerika yoki Yevropa uchun qurayotganimiz yo‘q. 

Shuning uchun menga shaxsan ikki odam ­– ya’ni janob Donald Tramp va Ilon Maskning bu boradagi fikrlari, va bizning mintaqamizda qo‘shni davlatimiz Prezidenti Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlagani juda ham yoqdi. Men o‘ylaymanki, bizning jurnalistlarimiz ham o‘zlari uchun kerakli xulosalarni chiqarishlari kerak”, degan u. 

O‘z fikrlariga qo‘shimcha qilar ekan, Donald Tramp va Ilon Maskning e’tirozi sabab USAID tashkilotining yopilishini ham qo‘llab-quvvatlagan.

“Amerika Prezidenti Donald Trampning ushbu yangi hokimiyati kelishi bir necha keskin bayonotlar bilan bog‘liq bo‘ldi. Xususan, USAID tashkiloti qilayotgan xarajatlardan norozilik bildirdi va mashhur tadbirkor, milliarder Ilon Maskni iqtisodiy samaradorlik boshqarmasi boshlig‘i qilib tayinladi.  Bilasiz, milliarderlar pul hisobini yaxshi bilishadi. Janob Tramp ham, janob Mask ham juda boy insonlar, milliarderlar, va ular Amerika soliq to‘lovchilarining pulini tejashni birinchi vazifa deb bilishadi”, dedi Sherzodxon Qudratxo‘ja. 

Qolaversa, u USAID tashkiloti grant uchun unga pul ajratmaganidan o‘pkalashni ham unutmagan.

“Shunga o‘xshash tashkilotlarning faoliyatida shaffoflik, soflik va halollik juda muhim mezon bo‘ladi. Masalan, ular O‘zbekistonga va mintaqamizning ko‘plab davlatlariga pul ajratgan. Lekin ba’zi sohalarga berilgan pullarning hisobotlari yo‘q, shaffofligi yo‘q. Men o‘zim jurnalist rektorman va olti yildan beri biz grant berishlarini so‘rayapmiz, jurnalistlar malaka oshirishi uchun. Ko‘p elchilar bilan uchrashdim, ammo ijobiy javob bo‘lmagan.

Boshqa jurnalistlarga va ijtimoiy faollarga esa pul beriladi. Savol tug‘iladiki, ular uchun bu pullar nima maqsadda beriladi? Va nima uchun hisobotlar ochilmaydi? Hozir so‘zim boshida aytdimki, biz boshqa davlatning ichki ishlariga aralashmaymiz. Shu sababli O‘zbekistonda demokratiya qurish masalasi muhokama qilinadi.

Aslida, bu O‘zbekistonning o‘zidagi xavfsizlik masalasi va O‘zbekistonning, albatta, demokratiya sari intilishini yuksak darajada aks ettiradi. O‘zbekistonda bir jihatdan agar olib qaraladigan bo‘lsa, O‘zbekiston suvereniteti va yaxlitligi hamda O‘zbekistonning xavfsizlik masalalari bor. 

Men juda xohlagan bo‘lardimki, agar AQSH yoki boshqa shunaqa tashkilotlarning bizga ajratilgan grantlari bo‘lsa, marhamat, biz ishlashga tayyormiz. Biz hatto o‘sha tayyorlangan hisobotlarning shaffofligini ham ta’minlaymiz”, degan u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov ham “Ozodlik” yopilishini qo‘llab-quvvatlagan edi.

 


Maqola muallifi

Teglar

Ozodlik USAID Sherzodxon Qudratxo'ja Amerika ovozi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing