“Amazon” asoschisi Jeff Bezos xonanda Dolli Partonga 100 million dollar berdi
Madaniyat-san’at
−
14 noyabr 2022
9092“Amazon” asoschisi Jeff Bezos xonanda Dolli Partonni 100 million dollar miqdoridagi mablag‘ bilan taqdirladi. Xonanda bu pullarni faqat xayriya maqsadida sarflashi mumkin bo‘ladi. Bu haqda “Bilboard” nashri xabar berdi.
Kecha, 13 noyabr kuni, Jeff Bezos tomonidan faqat mashhur shaxslarga beriladigan “Jasorat va fuqarolik” mukofoti 76 yoshli Dolli Partonga nasib etdi. Xonanda uzoq vaqtdan buyon xayriya ishlari bilan shug‘ullanib kelayotgan edi. U savodsizlikka qarshi kurashish va kambag‘allarga yordam berish bilan shug‘ullanadigan “Dollywood” jamg‘armasiga asos solgan. Qolaversa, tibbiyot muassasalariga va tabiiy ofat qurbonlariga katta miqdorda xayriya qilgan.
Jeff Bezos Twitter'dagi shaxsiy sahifasida yozgan tivitida, bu pullar xayriyaga sarflanishiga shubha qilmagan
“Biz hozirgina “Jasorat va fuqarolik” mukofotining yangi sovrindorini e’lon qildik, 100 million dollarlik mukofotni juda ko‘p odamlarga yordam berish uchun sarflaydigan, jafokash Dolli, tabriklayman”, degan Bezos
O‘z o‘rnida xonanda Dolli Parton multi-milliarderning Twitter'dagi maktubini javobsiz qoldirmagan
“Bu mablag‘ mening yuragimdan joy oladi. Men bu pullarni imkon qadar xayrli maqsadlarga sarflayman. Rahmat”, degan xonanda.
Ma’lumot o‘rnida, “Jasorat va fuqarolik” mukofoti 2021 yilda ta’sis etilgan bo‘lib, siyosiy sharhlovchi Van Jons va oshpaz Xose Andresga topshirilgan.
Jozef Bezosning boyligi, 2022 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, 160 milliard dollarga baholanmoqda.
Xonanda Dolli Parton 1946 yilning 19 yanvar kuni AQSHning Tennessi shtatida tug‘ilgan. To‘qqiz karra “Gremmi” mukofotiga sazovor bo‘lgan. U o‘zining 60 yillik musiqiy faoliyati davomida 3000 dan ziyod qo‘shiq va 50 dan ortiq albom taqdim etgan.
LiveBarchasi