Jeff Bezos “Liverpul”ning bir qismini sotib oldi
Sport
−
17:25 495 2 daqiqa
“Liverpul” klubining amaldagi egasi Fenway Sports Group (FSG) jamoadagi ozchilik ulushini Jeff Bezos ishtirokidagi konsorsiumga sotish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
“1892 Holdings” deb nomlangan konsorsiumga “Kuinz Park Reyndjers”ning sobiq raisi Amit Bxatiya rahbarlik qiladi. Uning tarkibiga Mittal Family Trusts, EE Capital hamda Bezos yetakchi investor bo‘lgan K5 Sports jamg‘armasi kiradi.
“Reuters” xabariga ko‘ra, konsorsium sotib oladigan ulush klub aksiyalarining taxminan uchdan bir qismini tashkil etadi. Shu bilan birga, 2010 yilda “Liverpul”ni sotib olgan AQSHning Fenway Sports Group kompaniyasi klubdagi nazorat paketini va operativ boshqaruvni saqlab qoladi.
Kelishuv doirasida Amit Bxatiya “Liverpul”ning yangi vitse-raisiga aylanadi va kengaytirilgan direktorlar kengashidan o‘rin oladi. Shuningdek, EE Capital vakili Eleyn Saverin hamda K5 Sports vakili Brayan Baum kengash tarkibiga qo‘shiladi. Ma’lumotiga ko‘ra, Jeff Bezosning o‘zi direktorlar kengashidan o‘rin olmaydi.
“Bunday darajadagi klubda hamkor sifatida kutib olinishimiz katta sharaf. Biz bu sarmoyani “Liverpul” va uning rahbariyatiga chuqur ishonganimiz hamda kelgusi yillarda klub muvaffaqiyatini qo‘llab-quvvatlashni istaganimiz uchun amalga oshirmoqdamiz”, deydi Bxatiya.
Ma’lumot uchun, 20 karra Angliya chempioni bo‘lgan “Liverpul” o‘tgan mavsum Premer-ligada beshinchi o‘rinni egallagan. Jamoa yangi mavsumni 23 avgust kuni “Nyukasl Yunayted”ga qarshi bahs bilan boshlaydi.