Tramp AQSH bayroqlarini bir haftaga tushirishni buyurdi
Olam
−
10:39 1809 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp kantri qo‘shiqchisi Dolli Partonning vafoti munosabati bilan mamlakatda bayroqlarni bir haftaga tushirish haqida farmoyish berdi.
“Dolli Parton – mamlakatimiz va uning tashqarisida tarixdagi eng buyuk kantri xonandalaridan biri hozirgina vafot etganini chuqur qayg‘u bilan ma’lum qilaman. Bu millionlab insonlar uchun haqiqiy yo‘qotishdir”, deb yozdi AQSH Prezidenti Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
Davlat rahbari uning xotirasiga hurmatini izhor qilarkan, Dolli Partonga o‘xshagan qo‘shiqchi hech qachon bo‘lmagani va qayta dunyoga kelmasligini ham urg‘ulagan.
“Uning xotirasiga hurmat bajo keltirib, bugun kechqurundan, soat 18:00 dan boshlab AQSHdagi barcha Amerika bayroqlarini bir haftaga tushirishni buyuraman. Joying jannatda bo‘lsin, Dolli! Dunyo seni sevadi”, deb yozgan Tramp.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 25 avgust kuni amerikalik kantri xonandasi Dolli Parton 80 yoshida vafot etdi. U joriy yilning 21 avgust kuni, o‘limidan to‘rt kun oldin, Tennessi shtatining Neshvill shahridagi onkologiya markaziga yotqizilgan.
Ma’lumot uchun, Dolli Parton “Here You Come Again”, “Trio”, “Blue Smoke” kabi albomlarni, “Jolene”, “I Will Always Love You” kabi singllarni yozgan, shuningdek, “To‘qqizdan beshgacha”, “Tog‘ billuri” va boshqa filmlarda suratga tushgan. U 10 karra Gremmi mukofoti (1979–2021) sovrindori, shuningdek, umrbod yutuqlari uchun maxsus Gremmi (2011) va Jin Xersholt nomidagi mukofot (2025) laureatidir. Xonanda o‘zining xayriya loyihalari, jumladan, “Dollywood Foundation” jamg‘armasi va bolalarda kitobxonlikka mehr uyg‘otishga qaratilgan “Imagination Library” dasturi bilan ham tanilgan.
Live
Barchasi