Alyaska AQSH hukumatini sudga berdi
Olam
−
08 yanvar
11457AQSHning Alyaska shtati Prezident Jo Bayden ma’muriyatiga qarshi neft va gaz qazib olish uchun yerlarni ijaraga berishga qo‘yilgan cheklovlar bo‘yicha sudga murojaat qildi. Bu haqda kecha, 7 yanvar kuni “Reuters” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Alyaska ma’muriyati 2024 yil dekabr oyida qabul qilingan AQSH hukumati qaroridan norozi. Ushbu qaror Alyaska hududida neft va gaz qazib olish uchun yerlarni ijaraga berishga qo‘yilgan cheklovlarni o‘z ichiga oladi. Ish hujjatlarida aytilishicha, cheklovlar tufayli 400 ming akr (162 ming gektar) yer maydonida ishlarni amalga oshirish “imkonsiz yoki amalga oshirish qiyin” bo‘lib qolgan. Oqibatda Arktika milliy qo‘riqxonasida kelgusida neft qidiruv va qazish ishlari jiddiy ravishda cheklanadi. Alyaska hukumati suddan ma’muriyatning dekabrdagi qarorini bekor qilishni va hukumatga kimoshdi savdosida ijara shartnomalarini berishni taqiqlashni talab qilmoqda.
Ma’lumot uchun, AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp o‘z lavozimiga kirishishining birinchi kunida Bayden tomonidan energiya manbalari ishlab chiqarilishiga qo‘yilgan barcha cheklovlarni bekor qilishga va’da bergan. Shu jumladan, u Arktika milliy qo‘riqxonasida neft va gaz qazib olishni qayta ochish niyatini bildirgan. Bu qaror Alyaska uchun katta iqtisodiy ahamiyatga ega, chunki shtat byudjeti ko‘p jihatdan neft va gaz qazib olishga bog‘liq. Sud ishi esa ushbu cheklovlarni bekor qilish uchun qo‘shimcha urinish sifatida ko‘riladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nyu-York shtati sudyasi Xuan Merchan AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampga pornoaktrisa Stormi Deniyelsga to‘lovlar bo‘yicha hujjatlarni qalbakilashtirish ishi bo‘yicha hukm chiqarishni 10 yanvarga tayinlagani xabar qilingandi.
LiveBarchasi