Erdo‘g‘an Suriya rahbari Asad bilan Samarqandda uchrashishi mumkin

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlari rahbarlarining Samarqandda o‘tadigan sammiti doirasida Suriya Arab Respublikasi Prezidenti Bashar Asad bilan uchrashishi mumkin. Bu haqda “Al-Mayadeen” telekanali xabar bergan.

Mazkur uchrashuv Suriya Prezidenti Bashar Asad va Turkiya delegatsiyasi o‘rtasidagi uchrashuv tadbirlari mobaynida o‘tkaziladi.

Qayd etilishicha, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Asaddan SHHT sammitida ishtirok etishni so‘ragan. Demak, Turkiya va Suriya rahbarlarining uchrashish ehtimoli yuqori.

“Haqqin” nashri ham Damashq universiteti professori Mehmet Yuvaga tayanib, Suriya Prezidenti Bashar Asad SHHT sammitiga taklif qilingani haqida yozdi.

Shu o‘rinda Suriyada 2011 yildan beri davom etayotgan fuqarolar urushi davrida Turkiya doimiy ravishda Suriya muxolifatini qo‘llab-quvvatlab, Bashar Asad hukumatini qonuniy deb tan olishdan bosh tortganini eslatish o‘rinlidir. O‘sha kezlarda ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik aloqalar ham uzilib qolgandi. Ammo Turkiya rahbari Misr, Saudiya Arabistoni va Isroil bilan siyosiy munosabatlarni birin ketin tiklab, “ko‘prik qurish” siyosatiga qaytgach, navbat Damashqqa kelgan ko‘rinadi. Erdo‘g‘an o‘z intervyusida Turkiya Bashar Asadni ag‘darmoqchi emasligini, balki u bilan YPG terrorchilariga qarshi qo‘shma harbiy operatsiyani muhokama qilmoqchi ekanini, bundan tashqari, jarayonda Rossiya va Eron ham ishtirok etishga tayyorligini tan olgani bejiz emas.

Shu o‘rinda qayd etish kerakki, SHHT sammiti mezboni bo‘lgan O‘zbekiston tomoni Suriya rahbarining tashrifi haqida ma’lumot bermadi. Joriy yilning 29 iyul kuni SHHTga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazir v.b. Vladimi Norov tashkilotning sentyabrda Samarqandda o‘tadigan sammitida kimlar ishtirok etishi haqida ma’lumot berib, doimiy a’zolardan tashqari, Belarus, Eron, Mo‘g‘uliston va Turkmaniston rahbarlari kelishini bildirgandi. Shuningdek, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud ham taklif etilgani ma’lum bo‘lgandi. Biroq janob Norov na Turkiya Prezidenti Erdo‘g‘an, na Suriya yetakchisi Asad haqida og‘iz ochmagan.

Erdo‘g‘anning Samarqanddagi sammitga taklif etilgani 5 avgust kuni uning Sochida Putin bilan uchrashganidan keyin ma’lum bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an Bashar Asad

Baholaganlar

214

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing