Almazbek Atamboyevning ehtiyot chorasi qamoqdan uy qamog‘iga o‘zgartirildi
Olam
−
06 Oktabr 2020
15091Qirg‘izistonda boshlangan namoyishlar natijasida sobiq Prezident Almazbek Atamboyev ozodlikka chiqarilgani haqida xabar bergan edik. Bugun, 6 oktyabr kuni Qirg‘iziston poytaxtining Pervomayskiy tuman sudi sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyevning ehtiyot chorasini qamoqdan uy qamog‘iga o‘zgartirdi. Bu haqda sobiq davlat rahbarining advokati Sergey Slesarevga asoslanib, TASS xabar bermoqda.
"Atamboyevga nisbatan sud ehtiyot chorasini hibsdan uy qamog‘iga o‘zgartirdi", deydi advokat.
Qirg‘izistondagi parlament saylovlari natijalaridan norozi bo‘lgan qirg‘izistonliklar namoyishga chiqishgan. Vaziyat murakkablashgan, namoyishchilar Qirg‘iziston milliy xavfsizlik qo‘mitasi binosining darvozasini sindirgan va ichkariga kirgan. U yerda esa mamlakatning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev saqlanayotgan bo‘lgan.
Binoga kirib borgan namoyishchilar Almazbek Atamboyevning ozodlikka chiqarilishini talab qilishgan. Shundan so‘ng, ularning talabi bajarilib, Atamboyev qo‘yib yuborilgan. Shuningdek, siyosiy mahbuslardan sobiq Bosh vazir Sapar Isakov ham qamoqdan chiqarildi
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Unda ro‘yxatdan o‘tgan 3,5 million saylovchining 1,98 millioni yoki 56,2 foizi qatnashgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, to‘rtta siyosiy partiya 7 foizlik barerdan o‘tib, mamlakatning eng yuqori qonun chiqaruvchi organining yangi tarkibiga kirishi mumkin. Bular “Birlik” (24 foiz), “Makonim Qirg‘iziston” (24 foiz), “Qirg‘iziston” (8 foiz) va “Butun Qirg‘iziston” (7 foiz) partiyalari.
Saylovning yakuniy natijasi 20 kun ichida e’lon qilinishi kerak edi. Ammo saylovning dastlabki natijasidan norozi partiyalar tarafdorlari Bishkekda norozilik namoyishini boshladi. Keyinroq namoyish tartibsizlikka aylanib ketdi.
Namoyishchilar avvalo mamlakat parlamenti binosi – Oq uyni egalladi. Bu binoda Prezident Administratsiyasi ham joylashgan. 6 oktyabr ertalab Hukumat binosi ham namoyishchilar qo‘liga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.
Namoyishlarda hozirgacha bir kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odam reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Kuchishlatar tuzilmalarning 200 ga yaqin xodimi jarohatlandi.
LiveBarchasi