“Allohu akbar” deb odamlarni quvlab yurish – bu dinga xizmat emas – Qodirov LGBTga qarshi namoyishlar haqida

Intervyu

Bloger Miraziz Bozorov LGBT huquqlarini himoya qilish, besoqolbozlarni har juma “Hazrati imom” majmuasi atrofiga to‘planishga qaratilgan chaqiruvlari bilan g‘araz maqsadlariga erishgan. U avval boshdan puxta rejalashtirgan provokatsiyasi yaxshi natija bergan. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatsi spikerining o‘rinbosari Alisher Qodirov QALAMPIR.UZ rahbari – jurnalist Qamariddin Shayxov bilan “Besoqolbozlik – bemorlik yoxud millat nomusi xavf ostida” mavzusidagi jonli efirdagi muloqotda ma’lum qildi. 

“Bitta bloger, bitta g‘alamis shuncha maqsadiga erisha oldi. Endi tasavvur qiling, ertaga saylov arafasida jamiyatda notinchlikni keltirib chiqarish maqsadida bir nechta shunday blogerlar provokatsiyalarni amalga oshirsa, biz bu provokatsiyani ajrata olmasak, bunga munosabatlarimiz belgilangan tartibda bo‘lmasa, unda nima bo‘ladi? O‘zbekistondagi o‘zgarish, erkinlik jarayonlarini nafaqat rivojlanishiga, balki asrashga ham hissa qo‘shishimiz kerak. Ya’ni, qonunchilikda belgilangan tartiblar, chegaralardan tashqariga chiqmasdan. Agar bu chegaralar noto‘g‘ri qo‘yilgan bo‘lsa, Parlament bilan kelishgan holda ushbu chegaralarni kengaytirish haqida muloqot qilishimiz, bloger va jurnalistlar bilan bu masalalarni keng muhokama qilishimiz, jamoatchilikning e’tirozini aks ettirib berishimiz mumkin”, deydi Alisher Qodirov. 

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda LGBT huquqlarini muttasil ravishda himoya qilib kelgan Miraziz Bozorovning 28 mart kuni LGBT faollari Amir Temur xiyoboni atrofiga yig‘ilishi va Hukumatdan o‘z huquqlarini talab qilishi kerakligi haqidagi murojaati tarqaldi. Shu kuni xiyobonga besoqolbozlik va uning jinoyat kodeksidan chiqarib tashlanishiga qarshi bo‘lgan jamoatchilik vakillari to‘plandi va tartibsiz namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda LGBTga qarshi faollarning Amir Temur xiyoboni atrofida “Allohu akbar” deb baqirib yurganini ko‘rish mumkin. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari Alisher Qodirov ular bu xatti-harakatlari bilan dinga xizmat qilmayotganlarini urg‘uladi. 

“Diniy nuqtai nazardan olib qarasak, ko‘chaga chiqib “Allohu akbar” deb baqirib, odamlarni quvlab yurish – bu dinga xizmat emas. Bu islomiy ma’rifat emas. Bu maqsadimizdan adashtiruvchi bir yo‘l. Bu asoslanmagan agressiya. Mavzu qanchalar noto‘g‘ri, qanchalar asabga tegar bo‘lmasin, lekin bu yechim emas. Ko‘chaga chiqib e’tirozini bildirishning tartibi bor. Uni belgilangan tartibda amalga oshirish kerak. Eng to‘g‘ri yo‘l – siyosiy tafakkur bilan bu mavzuni tag-tomirlarini hisob-kitob qilgan holatda e’tirozni kerakli maydonda amalga oshirish. Mana shunday jamiyatlar uchun bunday provokatsiyalar o‘yinchoq bo‘lib qoladi. Ularning o‘z kuchi bo‘lmaydi. Albatta, biz ham O‘zbekistonda ana shunday jamiyat shakllanishini xohlardik. Ammo bu ham vaqt talab qiladigan va insonlarning o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lgan juda og‘ir jarayon”, deydi Qodirov. 

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Amir Temur xiyobonida bo‘lib o‘tgan tartibsiz namoyishlarni yoqlamasligini, bu bilan jamiyat hech narsaga erishmasligi, aksincha, xalqaro siyosiy kuchlarning o‘yinlari qurboni bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.  

“Men tartibbuzarlikning har qanday shakliga qarshi ekanimni doimo bildirib kelaman. Ya’ni, kim bo‘lishidan qat’i nazar, u mansabdor bo‘ladimi, oddiy fuqaro bo‘ladimi, jamiyatning ko‘pchiligi ma’qullagan holatda belgilangan qoidalarga zid harakat qilish hech qachon qo‘llab-quvvatlanmasligi kerak”. 

Ma’lumki, bundan bir necha kun avval Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti rasmiy Toshkentga yangi tahrirdagi Jinoyat kodeksidan besoqolbozlikka oid moddani chiqarib tashlash bo‘yicha murojaat bilan chiqdi. Ushbu masala siyosiy va diniy doira vakillari tomonidan muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Qodirovga ko‘ra, mamlakatda muhim siyosiy jarayon, Prezident saylovi bo‘lib o‘tishi oldidan shunday masalaning kun tartibiga sun’iy ravishda chiqarilishi – provokatsiya. 

“O‘zbekistonda bu mavzuning ko‘tarilishi, umuman bu mavzu atrofidagi muhokamalarning hammasi – provakatsiya”, deydi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi. 

Joriy yilning 28 mart kuni Amir Temur xiyobonidagi tartibsiz namoyishlarda qatnashgan 12 nafar fuqaro Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlanib, ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Qodirov ana shu masalaga ham to‘xtalib, shunday deydi: 

“Aslida bezorilik moddasi bo‘yicha javobgarlikka tortilgan yosh fuqarolarimizning talabi haqli. Ular bunday provakatsiya va bunday g‘oyalarning O‘zbekiston jamiyatiga yot ekanini aytib, e’tiroz bildiribyu to‘g‘ri qilishyapti. Lekin e’tirozning shakli huquqqa zid. To‘g‘ri talabni to‘g‘ri shaklda yetkazish kerak. Masalan ommaviy tartibsizlik keltirib chiqarish, e’tiroz bildirish, jamoat joylaridagi buzg‘unchi xatti-harakatlar qonun bilan cheklanadi. Buning o‘z tartibi bor. Mavzuga e’tirozni bildirishni belgilangan tartibda amalga oshirish kerak". 

Deputat Alisher Qodirov bilan eksklyuziv intervyuning to‘liq shaklini yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ'ning YouTube'dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin


Maqola muallifi

Teglar

Alisher Qodirov

Baholaganlar

303

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing